Oʻzbekiston va Fransiya parlamentlararo hamkorlikni kengaytiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov Fransiya Milliy Assambleyasi deputati, “Fransiya–Markaziy Osiyo” do‘stlik guruhi raisi Katrin Erve rahbarligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida tomonlar O‘zbekiston–Fransiya munosabatlari bugungi kunda strategik sheriklikning yangi bosqichiga ko‘tarilib, siyosiy muloqot bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy, energetika, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalarda ham jadal rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Ta’kidlanganidek, 2025-yil 12-mart kuni Parij shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tomonidan Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaning qabul qilinishi ikki davlat munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari R. Hakimov mehmonlarga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, xususan, inson huquqlarini ta’minlash, gender tenglikni mustahkamlash, yoshlar siyosati va ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, 2023 yilgi konstitutsiyaviy islohotlar natijasida parlament vakolatlari kengaygani va parlament nazorati mexanizmlari yanada kuchaytirilgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, K. Erve samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganini yuqori baholadi. U O‘zbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 35-yilligi bilan samimiy muborakbod etib, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va taraqqiyot tiladi. Uning qayd etishicha, O‘zbekiston bugungi kunda xalqaro muloqot va konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishda muhim maydonlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Muzokaralar chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning amaliy natijalari iqtisodiy sohada ham yaqqol namoyon bo‘layotgani qayd etildi. Jumladan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1,4 milliard AQSH dollariga yetdi. Fransiya kompaniyalari ishtirokidagi qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli esa 12 milliard yevrodan oshgan.
Shuningdek, O‘zbekiston – Fransiya universitetining tashkil etilishi, madaniy merosni o‘rganish va asrab-avaylash sohasidagi hamkorlik, jumladan, Luvr muzeyida O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmaning o‘tkazilishi gumanitar aloqalarning ham izchil kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Bunday keng qamrovli munosabatlar sharoitida parlamentlararo muloqot strategik sheriklikni qonunchilik va institutsional jihatdan qo‘llab-quvvatlashning muhim mexanizmi hisoblanishi qayd etildi. Davlat rahbarlari tomonidan erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlashda parlamentlarning qonun ijodkorligi, parlament nazorati va parlament diplomatiyasi sohalaridagi hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston va Fransiya parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, uni muntazam va amaliy mazmun bilan boyitish muhim vazifa sifatida belgilandi. Xususan, parlament qo‘mitalari va fraksiyalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotlarni kengaytirish, do‘stlik guruhlari faoliyatini faollashtirish, o‘zaro tashriflarni ko‘paytirish, ekspertlar ishtirokida qo‘shma muhokamalar va davra suhbatlarini tashkil etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Ayniqsa, investitsiya va tadbirkorlikni huquqiy himoya qilish, energetika va “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, ta’lim va innovatsiyalar, madaniy merosni asrash, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash kabi ustuvor yo‘nalishlarda qonunchilik tajribasini o‘rganish va almashish parlamentlararo hamkorlikning amaliy samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha parlamentlararo muloqotni kuchaytirish, xalqaro parlament tashkilotlari doirasida o‘zaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish, do‘stlik guruhlari faoliyatini faollashtirish va o‘zaro tajriba almashinuvini izchil davom ettirishga kelishib olindi.