Oʻzbekiston va DOHWA Engineering toʻrtta mintaqa uchun fazoviy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqadilar
Oʻzbekiston va DOHWA Engineering toʻrtta mintaqa uchun fazoviy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqadilar
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Norqulov Jahon bankining “Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida jalb etilgan Janubiy Koreyaning “DOHWA Engineering Co., Ltd.” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda Buxoro, Navoiy, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining fazoviy-hududiy strategiyalari, Gʻijduvon, Shofirkon, Xatirchi, Nurota, Zafarobod, Gʻallaorol, Sardoba va Sirdaryo tumanlarining fazoviy-hududiy rejalari, shuningdek, ushbu tumanlarda tanlab olinadigan hududlar boʻyicha master rejalarni ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.
Bunda, hududlarning rivojlanish markazlarini (tuman, shahar, yashash massivlari, sanoat zonalari, biznes, turizm, savdo, xizmat, logistika markazlari) belgilash va joylashtirish, transport va iqtisodiy korridorlar orqali oʻzaro bogʻlab rivojlantirish va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish taʼkidlandi.
Kompaniya tomonidan joriy yilning iyul-avgust oylarida hududlarga chiqqan holda aholi va tadbikorlik subyektlari, mahalliy hokimliklar vakillari bilan uchrashuv va muhokamalar oʻtkazilib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish hamda ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy loyihaviy yondashuvlarni Oʻzbekistonda qoʻllash boʻyicha dastlabki takliflar shakllantiriladi.