Oʻzbekiston va Belarus genetik texnologiyalarni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Belarus genetik texnologiyalarni muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyaning navbatdagi uchrashuvi Belarus Milliy fanlar akademiyasi Genetika va sitologiya instituti direktori Lyudmila Makarina-Kibak bilan bo‘lib o‘tdi.
Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqotda ilm-fan, innovatsiyalar hamda biotexnologiyalar sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tomonlar, avvalo, inson genomikasi yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Toshkent viloyatida zamonaviy "Personalizatsiyalashgan tibbiyot va Genetik pasport" tizimini bosqichma-bosqich joriy etish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishlari sharoitida qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlash masalalari ham uchrashuvning muhim mavzularidan biri bo‘ldi.
Xususan, Toshkent viloyatida suv taqchilligi va tuproq sho‘rlanishi oqibatida hosildorlikning pasayishi muammolariga ilmiy yechim sifatida iqlim o‘zgarishlariga chidamli qishloq xo‘jaligi ekinlari genomikasi bo‘yicha qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish taklif etildi.
Muloqot davomida chorvachilik tarmog‘ini ilmiy asosda rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ilmiy salohiyat va ilg‘or texnologiyalarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirib, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.