Oʻzbekiston Senati giyohvand moddalarga oid qoidalarni kuchaytirdi
Oʻzbekiston Senati giyohvand moddalarga oid qoidalarni kuchaytirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining 15-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda aholi salomatligini muhofaza qilish va millat genofondini asrash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
So‘nggi yillarda dunyo miqyosida sintetik narkotiklarning yangi turlari va “narkomaniya” xavfi ortib borayotgani mazkur sohadagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqishni taqozo etdi.
Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga va boshqa qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, nafaqat giyohvandlik vositalari, balki kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun ham jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Senatorlar tomonidan qayd etilganidek, Qonunda ilk bor “g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya” tashkil etganlik va uning faoliyatini taʼminlaganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, giyohvandlik vositalarini Internet tarmog‘i orqali tarqatish va targ‘ib qilish og‘irlashtiruvchi holat sifatida Qonunga kiritilmoqda.
Yoshlarni ushbu illatdan himoya qilish maqsadida taʼlim muassasalari, oromgohlar va yotoqxonalarga tutash hududlarda sodir etilgan narkojinoyatlar uchun jazo choralari yana-da kuchaytirilmoqda.
O‘ta og‘ir turdagi narkojinoyatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish tartibi qo‘llanilmasligi belgilanmoqda.
Senatorlar fikricha, ushbu Qonun huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jinoyatchilikka qarshi kurashishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratishga hamda sohaga oid faoliyat samaradorligini oshirishga, “narkotiklardan holi muhit” yaratishga, ayniqsa, yosh avlodni giyohvandlik balosidan asrashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.