Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Osiyo jamgʻarmasi biznes uchun raqamli yechimlarni joriy etadi
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Osiyo jamgʻarmasi biznes uchun raqamli yechimlarni joriy etadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida xalqaro The Asia Foundation (“Osiyo” jamg‘armasi) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyaga jamg‘armaning davlat sektorini rivojlantirish bo‘yicha direktori Josh Fridman boshchilik qildi.
The Asia Foundation — 1954 yilda tashkil etilgan xalqaro notijorat tashkilot bo‘lib, bugungi kunda Osiyo va Tinch okeani mintaqasining 20 ga yaqin mamlakatida davlat boshqaruvini takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, qonun ustuvorligini taʼminlash hamda davlat institutlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini oshirishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirib kelmoqda.
Uchrashuvda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, biznes muhitini takomillashtirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish hamda raqamli xizmatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar tadbirkorlar uchun davlat xizmatlaridan foydalanishni soddalashtirish, davlat organlari bilan elektron hamkorlikni kengaytirish, biznesning huquqiy himoyasini kuchaytirish va raqamli platformalar imkoniyatlarini rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, biznes muhitining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, investorlar ishonchini mustahkamlash hamda korrupsiya xavflarini kamaytirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar tadbirkorlar uchun raqamli yechimlar va amaliy loyihalarni birgalikda ishlab chiqish, shuningdek, o‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirishga kelishib oldilar.