O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Antaliya Savdo-sanoat palatalari oʻzaro biznes hamkorligini mustahkamlamoqda

UzDaily tahririyati · 01.07.2026 · 11:20 · 31 views
Oʻzbekiston va Antaliya Savdo-sanoat palatalari oʻzaro biznes hamkorligini mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston va Antaliya Savdo-sanoat palatalari oʻzaro biznes hamkorligini mustahkamlamoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) —Joriy yilning 30 iyun kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi birinchi o‘rinbosari Davronbek Kurbanov Antaliya Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Hakan Pakalin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.


Antaliya Savdo-sanoat palatasi (ATSO) 1882 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Turkiyaning eng qadimgi va nufuzli biznes uyushmalaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda palata 65 mingga yaqin aʼzoni birlashtirib, turizm, sanoat, qishloq xo‘jaligi, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi tadbirkorlar manfaatlarini himoya qiladi hamda xalqaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda faol ishtirok etadi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlash, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, eksport-import munosabatlarini kengaytirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish hamda ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi institutsional sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar tadbirkorlar o‘rtasida muntazam B2B uchrashuvlari, biznes-missiyalar va qo‘shma tadbirlarni tashkil etish ikki mamlakat ishbilarmonlari uchun yangi imkoniyatlar yaratishini alohida taʼkidladilar.

Xususan, 1 iyul kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston–Turkiya B2B biznes uchrashuvlarini yuqori saviyada tashkil etish masalalari ham atroflicha muhokama qilinib, mazkur tadbirni hamkorlikda o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.