“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” odamlar bilan to‘lgan poyezd videosini o‘rganadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo–Termiz yo‘nalishida harakatlanuvchi poyezdga oid videolarni o‘rganishni boshladi. Kadrlarda yo‘lovchilar kupe vagonida tik turgani yoki yo‘lakda o‘tirgani aks etgan. Videolardan birida vagonda sovitish tizimi ishlamagani ham taʼkidlangan. Bu haqda kompaniya xabar berdi.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” maʼlum qilishicha, Sariosiyo–Termiz yo‘nalishidagi poyezd to‘rtta vagondan iborat. Ushbu poyezdga chiptalar o‘rin raqami ko‘rsatilmagan holda sotiladi, shu sababli yo‘lovchilar bo‘sh joylarni egallaydi.
Kompaniya maʼlumotiga ko‘ra, har bir vagon 81 ta o‘tirish o‘rniga mo‘ljallangan va zarur qulayliklar bilan jihozlangan. “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi”da yozgi mavsumda sovitish tizimlari uzluksiz ishlashi, qishki davrda esa vagonlarda isitish taʼminlanishi kerakligi taʼkidlandi.
Shu bilan birga, kompaniya dam olish va bayram kunlarida ayrim qatnovlarda yo‘lovchilar oqimining keskin ko‘payishi sababli yo‘lovchilar soni odatdagidan ko‘proq bo‘lishi mumkinligini tan oldi.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan maʼlumotlarni o‘rganayotganini va tekshiruv natijalariga ko‘ra zarur choralar ko‘rishini bildirdi.