O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

"O'zbekneftegaz" "Gissarneftgaz" rahbariyatini nosozliklar va suiiste'molliklar uchun ishdan bo'shatdi

UzDaily tahririyati · 25.06.2026 · 18:39 · 23 views
"O'zbekneftegaz" "Gissarneftgaz" rahbariyatini nosozliklar va suiiste'molliklar uchun ishdan bo'shatdi

"O'zbekneftegaz" "Gissarneftgaz" rahbariyatini nosozliklar va suiiste'molliklar uchun ishdan bo'shatdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda “Gissarneftgaz” QK MCHJ faoliyati tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi. Unda korxonaning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, majburiyatlari, quduqlar fondi, mavjud aktivlardan foydalanish darajasi hamda moliyaviy sog‘lomlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Boshqaruv raisi katta resurs bazasiga ega ushbu qo‘shma korxonaning ish faoliyatidagi samaradorligi talab darajasida emasligini keskin tanqid ostiga oldi. Maxsus ishchi guruh tahlillariga ko‘ra, korxona balansidagi 8 ta konga qarashli 142 ta quduqdan faqat 24 tasi ishlayotgani, bu esa quduqlar fondining atigi 17 foizi iqtisodiy samara berayotganini ko‘rsatmoqda. Quduqlarning katta qismi esa harakatsiz, vaqtincha to‘xtatilgan yoki tugatilish arafasida. Bu holat zaxiralardan foydalanish samaradorligi pastligini yana bir bor isbotlamoqda.

Yig‘ilishda korxona tomonidan 2025 yilda tabiiy gaz qazib chiqarish rejasi 40,5 foizga bajarilgani zaxiralarni ishga solishda tizim va malaka yetishmasligi tilga olindi.

Shuningdek dividend to‘lashi shart bo‘lgan korxonaning bugungi kunda hattoki ishchilariga ham bir necha oylardan buyon maosh to‘lamay kelgani, ammo rahbariyat tarkibi o‘zlariga katta miqdorda oylik maoshlari yozdirib olgani, u ham yetmagandek sohta xodimlar evaziga qo‘shimcha oyliklar o‘zlashtirilgani ayanchli holat sifatida qayd etildi. Shu va yana ko‘plab kirdikorlari sabab qo‘shma korxona rahbariyati lavozimlaridan ozod etilgani ma’lum qilindi.

Boshqaruv raisi tomonidan yangi rahbariyat oldiga korxona faoliyatini moliyaviy sog‘lomlashtirish, ortiqcha texnikalar va foydalanilmayotgan avtotransport vositalarini realizatsiya qilish hamda fondlarni chuqur taftishdan o‘tkazish orqali ishlarni jonlantirish, qo‘shma korxonani tubdan yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Eng muhimi, ijtimoiy adolatni tiklash va mehnat jamoasiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash maqsadida ishchilarga to‘lanmay kelinayotgan oyliklarni tez fursatlarda qayta hisob-kitob qilib, to‘lab berilishi bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriq berildi. Kelgusida ishchilar manfaatlarini himoya qilish korxona rahbariyati faoliyatining bosh mezonlaridan biriga aylanishi lozimligi uqtirildi.