O‘zbekistonda yoshlarga 100 mln so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi
O‘zbekistonda yoshlarga 100 mln so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini rivojlantirish orqali bandligini taʼminlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar tasdiqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan.
«Yoshlar biznesi» dasturi doirasida “Aloqabank” aksiyadorlik-tijorat banki 31 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarga yetti yilgacha muddatga kreditlar ajratadi. Qarz oluvchilar uchun asosiy qarz bo‘yicha bir yilgacha, foiz to‘lovlari bo‘yicha esa uch oygacha imtiyozli davr nazarda tutilgan. Kreditlar bo‘yicha foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasiga qo‘shimcha 4 foiz bandi darajasida shakllantiriladi.
Hujjatga muvofiq, sug‘urta polisi yoki uchinchi shaxs kafilligi mavjud bo‘lgan taqdirda 100 mln so‘mgacha imtiyozli mikrokreditlar ham ajratiladi. Moliyalashtirish yoshlarning turli yo‘nalishlardagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Xususan, xorijiy tillarni o‘rganish, raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirish va zamonaviy kasblarga o‘qitish uchun 20 mln so‘mgacha mablag‘ ajratilishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda marketing, mobil tasvirga olish (mobilografiya), frilans, internet-do‘konlar tashkil etish va o‘zini o‘zi band qilishning boshqa shakllari kabi zamonaviy kasblar sohasidagi loyihalar uchun 50 mln so‘mgacha mablag‘ ajratish nazarda tutilgan.
Yana 50 mln so‘mgacha mablag‘ uy mehnati, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, tikuvchilik, xomashyoni qayta ishlash va yangi mahsulotlar tayyorlash bo‘yicha loyihalar uchun taqdim etiladi.
Eng yuqori — 100 mln so‘mlik limit non-bulka va qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda sotish bilan bog‘liq loyihalar uchun belgilangan.