O'zbekistonda Toshkent-Xiva yo'nalishida poyezd qatnovi yo'lga qo'yildi
O'zbekistonda Toshkent-Xiva yo'nalishida poyezd qatnovi yo'lga qo'yildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 5-may kuni "Toshkent-Markaziy" vokzalida Hyundai Rotem kompaniyasining Toshkent - Xiva - Toshkent yo‘nalishida qatnovchi birinchi "Jaloliddin Manguberdi" yo‘lovchi poyezdi tantanali ravishda ishga tushirildi.
Tadbirda "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, shuningdek, Hyundai Rotem kompaniyasining yuqori martabali rahbarlari va mutaxassislari, faxriylar, temiryo‘lchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilariga "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari X.Raхmetov tabrik so‘zi bilan murojaat qildi. U Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning islohotlari tufayli biz temir yoʻl infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va xalqaro transport aloqalarini mustahkamlashda sezilarli yutuqlarga erishayotganimizni taʼkidladi.
Oʻzbekiston temir yoʻlchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Q.Sabirov ham mehmonlarni poyezdning ishga tushirilishi bilan tabrikladi. U yangi yoʻnalishning ichki turizmni rivojlantirishdagi ahamiyatini taʼkidladi, temir yoʻlchilarga fidoyi mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirdi va yoʻlovchilarga qulay va yoqimli sayohatlar tiladi.
Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Von Do Yon oʻz nutqida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikni va Hyundai Rotem kompaniyasining Oʻzbekiston harakatlanuvchi tarkibini modernizatsiya qilishga qoʻshgan hissasini taʼkidlab, mamlakat temir yoʻl transportiga yanada ravnaq tiladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan bu loyihalar avvalo, davlatimiz rahbarining temir yo‘l tarmog‘idagi islohotlarining natijasi ekanligni aytib, ushbu yuqori tezlikda harakatlanadigan zamonaviy poyezd poytaxtimiz Toshkentni mamlakatimizning shimoliy hududidagi qadimiy va turizm shahri bo‘lgan Xiva bilan bog‘lashi yurtimiz temir yo‘l transporti tarixida katta muvaffaqiyat ekanligini mamnuniyat bilan tilga olishdi. Shuningdek, o‘zbekistonlik va Koreya mutaxassislarning, temir yo‘l sohasi vakillarining mehnati va izlanishlari najitasi ekanligi alohida ta’kidlandi.
Bugungi kunda tezyurar poyezdlarimiz Toshkentdan Xivagacha bo‘lgan masofani 14 soatda bosib o‘tayotgan bo‘lsa, “Hyundai Rotem” poyezdlari harakatga qo‘yilishi bilan mazkur masofa vaqti deyarlik ikki barobarga qisqaradi. Ushbu yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlar Toshkentdan Xivagacha bo‘lgan 1 ming 22 kilometrlik masofani 7 yarim soatda bosib o‘tadi.
250 kilometr tezlikda harakatlana oladigan zamonaviy poyezdlar tarkibining uzunligi 175 metr, sig‘imi 389 o‘ringacha. 7 ta vagondan iborat.
“Hyundai Rotem” kompaniyasining yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlari O‘zbekistonning iqlim sharoitiga to‘liq moslashtirilgan. Ya’ni +50 haroratdagi issiqlik hamda –40 darajadagi sovuqlikda ham ishonchli harakatlanish imkoniga ega. Poyezd Qizilqum cho‘lining qumli uchastkalaridan o‘tayotganda ham vagonlar ichiga chang mutlaqo kirmaydi, haddan tashqari yuqori va past haroratlarga, qum-bo‘ronlarga chidamli tizimlar bilan jihozlangan hamda uzoq masofalarga sayohat qilish uchun mo‘ljallangan.
Yangi poyezd vagonlarida o‘rindiqlar yo‘lovchi xohishiga qarab har ikki yo‘nalish bo‘yicha buriladi, shuningdek, vagonlarda kuzatuv kameralari ham ishlab turadi, maxsus ekranlarda esa harakat xaritasi va tezlik ko‘rsatkichlari ko‘rsatib beriladi.
Zamonaviy “Jaloliddin Manguberdi” poyezdlarining Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishidagi qatnovlari quyidagi jadval asosida amalga oshiriladi:
Yo'nalish: Toshkent - Xiva
“Toshkent-Markaziy” vokzali → Xiva Jo‘nash vaqti: 07:00
Xivaga yetib borish vaqti: 14:31
Yo'nalish: Xiva - Toshkent
“Xiva” vokzali → “Toshkent-Markaziy” vokzali Jo‘nash vaqti: 07:20
Toshkentga yetib kelish vaqti: 14:51
Qatnov kunlari:
Toshkent → Xiva: haftaning seshanba, payshanba, shanba kunlari
Xiva → Toshkent: haftaning chorshanba, juma, yakshanba kunlari
Qatnov boshlanish sanalari:
5-may — Toshkentdan ilk qatnov
6-may — Xivadan ilk qatnov