O‘zbekistonda chakana savdo hajmi 22,9 foizga oshdi

O‘zbekistonda chakana savdo hajmi 22,9 foizga oshdi

O‘zbekistonda chakana savdo hajmi 22,9 foizga oshdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 1 may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda chakana savdo sohasida 101 182 ta tijorat korxonasi faoliyat yuritgan. Ularning 558 tasi yirik korxonalarga, 100 624 tasi esa kichik korxonalar va mikrofirmalarga to‘g‘ri kelgan.

2026 yilning yanvar–aprel oylari yakunlariga ko‘ra, chakana savdo aylanmasi 165 865,8 mlrd so‘mni tashkil etib, 2025 yilning shu davriga nisbatan 22,9 foizga oshgan. Yirik korxonalarning tovar aylanmasi 29 495,2 mlrd so‘mga yetgan bo‘lib, bu 26,1 foizlik o‘sishni tashkil etgan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari esa 113 805,8 mlrd so‘mlik aylanmani taʼminlab, 21,3 foiz o‘sishga erishgan.

Umumiy ovqatlanish sohasida 2026 yil 1 may holatiga ko‘ra mamlakatda 32 266 ta korxona faoliyat ko‘rsatgan. Shundan 266 tasi yirik korxonalar, 32 000 tasi esa kichik biznes subyektlari va mikrofirmalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2026 yil yanvar–aprel oylarida umumiy ovqatlanish korxonalarining tovar aylanmasi 69 813,9 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,2 foizga oshgan. Bunda aylanmaning 79,8 foizi kichik tadbirkorlik subyektlari hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, yirik korxonalar ulushi 20,2 foizni tashkil etgan.

Hisobot sanasiga ko‘ra, ulgurji savdo sohasida 57 301 ta korxona faoliyat yuritgan bo‘lib, ularning 517 tasi yirik korxonalar, 56 784 tasi esa kichik korxonalar va mikrofirmalardan iborat bo‘lgan.

2026 yilning dastlabki to‘rt oyi davomida ulgurji tovar aylanmasi hajmi 155 875,5 mlrd so‘mga yetgan va bu 2025 yilning shu davriga nisbatan 12,7 foizga yuqori bo‘lgan.

Yirik korxonalarning aylanmasi 44 810,0 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘sish surʼati 109,9 foizga teng bo‘lgan. Kichik korxonalarning aylanmasi esa 111 065,5 mlrd so‘mga yetgan va o‘sish surʼati 113,9 foizni tashkil qilgan. Ulgurji savdoda kichik biznesning ulushi 71,3 foizga yetgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling