O‘zbekistonda 643,2 mlrd so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlandi

O‘zbekistonda 643,2 mlrd so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlandi

O‘zbekistonda 643,2 mlrd so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 643,2 mlrd so‘m miqdoridagi byudjet mablag‘ini talon-toroj qilish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan Soliq qo‘mitasining komplayens va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlari bo‘yicha maʼlum qilindi.

Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi, Buxoro viloyati Soliq boshqarmasi, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda qator tijorat tuzilmalari va qo‘shma korxonalar mansabdor shaxslari oldindan til biriktirgan holda byudjet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish sxemasini tashkil qilgan.

Aniqlanishicha, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish loyihasi doirasida 5,3 trln so‘mlik xizmatlar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilingan. Shunga qaramasdan, QQS summasi elektron hisobvaraq-fakturalarga kiritilgan, bu esa soliq majburiyatlarining asossiz shakllanishiga va keyinchalik byudjetdan mablag‘larni qaytarib olishga olib kelgan.

Tergov fikriga ko‘ra, olingan mablag‘lar korxonalardan birining hisob raqamiga o‘tkazilgan, shuningdek boshqa bir qo‘shma korxonaning davlat oldidagi qarzdorligini qoplash uchun ishlatilgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 167-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda ishning barcha holatlari va unga aloqador shaxslarni aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling