Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 7 oktyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Abdulla bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi.
O‘zbekiston TIV rahbarining maʼlum qilishicha, suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yana-da mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida energetika, infratuzilma va raqamli texnologiyalar qayd etildi. Vazirlar, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqdi.
Suhbatning alohida mavzusi Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘ldi. Tomonlar mavjud muammolarni diplomatik yo‘l bilan hal etish, shuningdek, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash muhimligini taʼkidladi.
Muloqot yakunida vazirlar o‘zaro ishonchga asoslangan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishni davom ettirish va O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.