Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Sog‘liqni saqlash texnologiyalarini baholash departamenti (HTA) xalqaro biofarmatsevtika kompaniyasi AstraZeneca vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar tibbiy texnologiyalarni baholash milliy tizimini rivojlantirish, jumladan, dori vositalarining klinik va iqtisodiy samaradorligini baholash, shuningdek, sog‘liqni saqlash resurslaridan oqilona foydalanish masalalarini muhokama qildi.
Xalqaro tajribani o‘rganish, real klinik amaliyot maʼlumotlaridan foydalanish va mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Uchrashuv ishtirokchilari qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollarini ham ko‘rib chiqdi.
AstraZeneca vakillari kompaniyaning xalqaro tajribasi bilan o‘rtoqlashdi hamda O‘zbekistonda HTA tizimini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qiziqish bildirdi.
Hamkorlik sog‘liqni saqlash sohasida dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilishni takomillashtirish, shuningdek, bemorlarning samarali, xavfsiz va sifatli dori vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.