Texnologiyalar

IT Park Uzbekistan Avstriyadagi forumda O‘zbekiston IT sohasining eksport salohiyatini taqdim etdi

IT Park Uzbekistan Avstriyadagi forumda O‘zbekiston IT sohasining eksport salohiyatini taqdim etdi
IT Park Uzbekistan Avstriyadagi forumda O‘zbekiston IT sohasining eksport salohiyatini taqdim etdi / Foto: IT Park Uzbekistan.

Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Uzbekistan Avstriyada bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston — Avstriya» biznes-forumida mamlakat IT sanoatining eksport salohiyatini taqdim etdi. Tadbirda davlat idoralari, investitsiya tashkilotlari va xalqaro kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Forumning asosiy mavzularidan biri ikki mamlakat o‘rtasida texnologik hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, xorijiy IT-kompaniyalarni jalb qilish, raqamli xizmatlar eksportini kengaytirish va yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish bo‘ldi.

Tadbirda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Global Neighbours xalqaro tashkiloti, shuningdek, BrainsToVentures, ecotel communication, Tele Columbus va GOODRAM / Wilk Elektronik kompaniyalari vakillari qatnashdi. Forum doirasida sohaga oid taqdimotlar hamda B2B va G2B formatlarida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.

IT Park Uzbekistan eksportni rivojlantirish direktori Jahongir Qag‘irov IT sohasini eksportga yo‘naltirilgan holda rivojlantirish modelini taqdim etdi hamda O‘zbekistonning texnologik va biznes xizmatlari xalqaro bozoriga integratsiyalashuv imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi.

Taqdimot davomida mamlakatning kadrlar va infratuzilma salohiyati, shuningdek, eksport loyihalari va xorijiy kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Forum ishtirokchilariga IT Park Uzbekistan rezidenti maqomini olish shartlari, rezidentlar uchun belgilangan soliq imtiyozlari va O‘zbekistonda IT faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.

Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Avstriya kompaniyalarini O‘zbekistondagi loyihalarga jalb qilish va mahalliy raqamli yechimlar yetkazib beruvchilarining Yevropa buyurtmachilari bilan hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Forumda ishtirok etishdan maqsad O‘zbekiston IT sanoatini Yevropa bozorida ilgari surish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish, xalqaro shartnomaviy hamkorlikni rivojlantirish va xorijiy texnologik hamkorlarni jalb etishdan iborat.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.