O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘zbekiston-Slovakiya Ishbilarmonlar kengashi tashkil etiladi

Dilafro'z Niyazova · 06.03.2025 · 14:15 · 545 views
O‘zbekiston-Slovakiya Ishbilarmonlar kengashi tashkil etiladi
O‘zbekiston-Slovakiya Ishbilarmonlar kengashi tashkil etiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 4 mart kuni Bratislava shahrida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov va Slovakiya Savdo-sanoat palatasi raisi Peter Mixok o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Slovakiya Savdo-sanoat palatasi (SCCI) – Slovakiya Respublikasining yetakchi biznes uyushmalaridan biri bo‘lib, 1992 yilda tashkil etilgan. Palata mahalliy va xalqaro tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes muhitini yaxshilash hamda savdo va investitsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyat olib boradi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, joriy yilning aprel oyida Slovakiya ishbilarmon doiralari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, shuningdek, biznes-forum va B2B uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘rtasida anglashuv memorandumi va O‘zbekiston-Slovakiya Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Bu hamkorlik ikki mamlakat tadbirkorlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, o‘zaro investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga mustahkam asos bo‘ladi.