O‘zbekiston

O‘zbekiston Prezidenti “General Motors International” korporatsiyasining rahbariyati bilan uchrashdi

O‘zbekiston Prezidenti “General Motors International” korporatsiyasining rahbariyati bilan uchrashdi
O‘zbekiston Prezidenti “General Motors International” korporatsiyasining rahbariyati bilan uchrashdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga amaliy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida “General Motors International” kompaniyasining global ijrochi direktori Shilpan Aminni qabul qildi.

Ushbu korporatsiya bilan uzoq muddatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. “General Motors International” kompaniyasining mamlakatimiz avtomobil sanoatini rivojlantirish va diversifikatsiya qilishdagi muhim o‘rni qayd etildi.

So‘nggi 5 yil ichida kompaniya tomonidan 1,6 million dona avtomobil ishlab chiqarildi, O‘zbekiston “Chevrolet” brendi uchun AQShdan keyin ikkinchi yirik bozorga hamda Markaziy Osiyo va MDH bozorlarida sotuvlar bo‘yicha yetakchiga aylandi.

Ishlab chiqarish kooperatsiyasini yanada rivojlantirish, mahsulotlar turini kengaytirish va mahalliylashtirishni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Zamonaviy mashinasozlikda talab yuqori bo‘lgan yangi texnologiyalar va xomashyo resurslari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.