O‘zbekiston energetika sohasida yangi tayinlovlarni amalga oshirdi
O‘zbekiston energetika sohasida yangi tayinlovlarni amalga oshirdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi energetika tarmog‘ida yangi kadrlar tayinlovlari amalga oshirildi. O‘zgarishlar magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va elektr energiyasini markazlashtirilgan tarzda xarid qilish hamda sotish uchun masʼul bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari rahbariyatini qamrab oldi.
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari lavozimiga Boburjon Murodov tayinlandi. U mazkur tayinlovga qadar shu kompaniya tizimida faoliyat yuritib, Elektr tarmoqlarini strategik rivojlantirish boshqarmasiga rahbarlik qilgan.
Shu bilan birga, “O‘zenergosotish” AJ rahbariyati tarkibida ham yangi nomzod tasdiqlandi. Kompaniya boshqaruv raisi o‘rinbosari — tijorat masalalari bo‘yicha lavozimiga Suxrobjon Maqsudov tayinlandi.
Ushbu tayinlovdan oldin u mazkur aksiyadorlik jamiyati tarkibida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalari bilan ishlash boshqarmasiga rahbarlik qilib kelgan.