Olmaota — Toshkent poyezdida ayollar uchun vagon paydo bo‘ladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 1 oktyabrdan №1/2 Olmaota — Toshkent xalqaro poyezdi tarkibida ilk bor ayollar uchun mo‘ljallangan vagon qatnay boshlaydi. Ushbu vagonga chiptalar faqat ayollarga sotiladi, yo‘lovchilarga esa ayol xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar xizmat ko‘rsatadi.
Vagonda yetti yoshga to‘lgan va undan kichik o‘g‘il bolalar ham katta yoshli hamrohlari bilan birga safar qilishi mumkin. Chiptalarni temir yo‘l kassalarida, shuningdek, temir yo‘l tashuvchilarining veb-saytlari orqali onlayn xarid qilish mumkin bo‘ladi. Internet orqali chipta rasmiylashtirishda ayollar vagonidagi o‘rinlar “JN” belgisi bilan ko‘rsatiladi.
Chiptalar savdosi poyezd jo‘nab ketishidan 45 sutka oldin ochiladi.
№1/2 Olmaota — Toshkent poyezdi har kuni qatnaydi. Poyezd Olmaotadan soat 19:05 da jo‘nab, ertasi kuni soat 12:53 da Toshkentga yetib keladi. Qaytish reysi Toshkentdan soat 14:41 da jo‘naydi va soat 08:51 da Olmaotaga yetib boradi.
«Yo‘lovchi tashish» AJ boshqaruv raisi Anuar Axmetjanovning maʼlum qilishicha, xalqaro yo‘nalishga ayollar vagonini qo‘shish to‘g‘risidagi qaror ushbu xizmatga bo‘lgan talab va yo‘lovchilar oqimining ortib borayotganini inobatga olgan holda qabul qilingan.
Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, xizmat joriy etilganidan buyon Qozog‘istonning ichki temir yo‘l yo‘nalishlarida ayollar vagonlaridan 946 mingdan ortiq kishi foydalangan. Olmaota — Toshkent poyezdida ham shunday vagon paydo bo‘lishi bilan mazkur xizmat mavjud bo‘lgan yo‘nalishlar soni 14 taga yetadi.
Shu tariqa, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi xalqaro temir yo‘l qatnovi ham yo‘lovchilar uchun ayollarga alohida mo‘ljallangan vagon taqdim etiladigan yo‘nalishlardan biriga aylanadi.