O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Turizm

Sariosiyo tumanida “Sangardak” majmuasi ishga tushirildi

Dilafro'z Niyazova · 27.08.2026 · 21:12 · 35 views
Sariosiyo tumanida “Sangardak” majmuasi ishga tushirildi
Sariosiyo tumanida “Sangardak” majmuasi ishga tushirildi / Foto: Turizm qo'mitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida “Sangardak” turistik majmuasining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Loyiha doirasida turistik infratuzilmaning 37 ta obyekti allaqachon ishlamoqda. Zamonaviy kanat yo‘li esa majmuaga yiliga 800 ming nafargacha sayyohni qabul qilish imkonini beradi. Bu haqda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi xabar berdi.

Umuman, “Sangardak” turistik markazi hududida umumiy qiymati 76 mln dollar bo‘lgan 152 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Birinchi bosqich doirasida mehmon uylari, bungalo va shale uylari, restoranlar, ayvonlar, ziplayn, argimchoqlar hamda turistik xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan boshqa obyektlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Majmuaning asosiy obyektlaridan biri uzunligi 1535 metr bo‘lgan kanat yo‘li hisoblanadi. Uni Avstriyaning Doppelmayr Seilbahnen GmbH kompaniyasi qurgan. Kanat yo‘li hozirda tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Majmuani zarur infratuzilma bilan taʼminlash maqsadida loyiha doirasida 14 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 4,2 kilometr kanalizatsiya va 3,2 kilometr elektr tarmoqlari barpo etildi. Shuningdek, uchta suv rezervuari va sakkizta transformator podstansiyasi qurildi.

Hududni obodonlashtirish doirasida 4 kilometr yo‘l asfaltlandi va zarur yo‘l infratuzilmasi yaratildi.

Loyihaning birinchi bosqichi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi arafasida ishga tushirildi.