O‘zbekistonlik founder Beknazar Abdikamalovning Speko startapi Product Hunt’da taqdim etildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Y Combinator’ga qabul qilingan o‘zbekistonlik founder Beknazar Abdikamalov o‘zining Speko startapini Product Hunt platformasida taqdim etdi.
Speko Voice AI uchun infratuzilma yaratadi va dasturchilarga turli AI voice provider’lari orasidan muayyan til hamda foydalanish ssenariysi uchun eng samarali variantni tanlashga yordam beradi.
Platforma yagona API orqali Speech-to-Text, LLM va Text-to-Speech modellarining optimal kombinatsiyasini aniqlaydi. Speko yangi modellarni Word Error Rate, latency, Time to First Token va bir daqiqalik foydalanish narxi kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha muntazam sinovdan o‘tkazadi. Test natijalari esa benchmarks.speko.ai saytida ochiq e’lon qilinadi.
Agar boshqa model yaxshiroq natija ko‘rsata boshlasa, tizim marshrutlashni avtomatik ravishda o‘zgartiradi. Shu sababli dasturchilarga integratsiyani qayta yozish talab etilmaydi. Provayderlardan biri ishlamay qolgan taqdirda Speko 500 millisekunddan kam vaqt ichida zaxira variantga o‘tishi mumkin.
“Hech bir provayder barcha yo‘nalishda eng yaxshi bo‘la olmaydi, sifat esa ko‘p jihatdan tilga bog‘liq. Biz har bir so‘rovni ayni vaqtda eng yaxshi natija ko‘rsatayotgan stack’ka yo‘naltiramiz va buni tasdiqlovchi ma’lumotlarni benchmarks.speko.ai’da ochiq e’lon qilamiz”, — dedi Beknazar Abdikamalov.
Speko g‘oyasi Abdikamalovning Hupo kompaniyasidagi tajribasi asosida shakllangan. U yerda u to‘rt yil davomida co-founder va CTO sifatida faoliyat yuritgan. Hupo $14 mln investitsiya jalb qilgan va Morgan Stanley, Prudential, HSBC hamda Grab bilan bog‘liq loyihalar uchun bir nechta tillarda Voice AI yechimlarini ishlab chiqqan.
Jamoaga har bir yangi bozor uchun speech-modellarni qo‘lda solishtirishga to‘g‘ri kelgani Speko konsepsiyasini yaratishga turtki bo‘lgan.
Beknazar Abdikamalov avvalroq Amazon’da software engineer bo‘lib ishlagan va Tridge kompaniyasining dastlabki muhandislaridan biri bo‘lgan. U Y Combinator’ga to‘rtinchi urinishida qabul qilingan va O‘zbekistondan ushbu akseleratorga kirgan ilk solo-founder hisoblanadi.
“Men Nukus va Toshkentdagi bolalar Silikon vodiysida kompaniya qurish uchun aynan u yerda tug‘ilish shart emasligini ko‘rishini istayman. Eng muhimi — yaratishni boshlash”, — dedi Abdikamalov.
Speko 2026-yilda San-Fransiskoda tashkil etilgan. Hozirda startap jamoasida Markaziy Osiyodan bo‘lgan to‘rt nafar muhandis ishlamoqda.
Bugungi Product Hunt taqdimoti Speko uchun navbatdagi muhim bosqich hisoblanadi. Platformadagi dastlabki ovozlar va qo‘llab-quvvatlash loyiha reytingiga ta’sir qiladi.