Oliy Majlis Senati Kengashi navbatdagi yalpi majlisni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi
Oliy Majlis Senati Kengashi navbatdagi yalpi majlisni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisini chaqirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Kengash qaroriga muvofiq Senatning o‘n beshinchi yalpi majlisi 2026-yil 18-may kuni o‘tkaziladi.
Yalpi majlis kun tartibiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan qator qonunlar kiritilgan.
Elektron tijorat sohasini rivojlantirish, milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti talablari bilan uyg‘unlashtirish, bola huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini takomillashtirishga oid qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, iqtisodiy va maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar hamda tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirish, madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga doir qonunlar ham senatorlar muhokamasiga kiritilgan.
Bundan tashqari, giyohvandlik vositalari va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirish, umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmatga oid qonunchilikni takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, yalpi majlisda parlament nazorati doirasidagi qator masalalar ham muhokama qilinadi. Jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziriga qurilish sohasida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yuzasidan, shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi holati yuzasidan parlament so‘rovlari yuborish masalalari muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning 2025-yilda bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqidagi maʼruzasi eshitiladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqiladi.
Senatorlar Oliy Majlis Senati Kengashi qarorlarini tasdiqlash masalasini ham ko‘rib chiqadi.