Oʻzbekiston va LS Cable & System loyihalarni muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Koreya Respublikasiga xizmat safari doirasida “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi raisi M. Yunusov, Vazirlar Mahkamasi masʼul xodimi B. Abidov hamda LS Cable & System Ltd. vakillari ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston elektrotexnika sanoatining salohiyati va investitsiya imkoniyatlari taqdim etildi. Zamonaviy kabel mahsulotlari ishlab chiqarish, texnologiyalar transferi va mahalliylashtirish boʻyicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
1962-yilda tashkil etilgan LS Cable & System Janubiy Koreyaning yirik kabel ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya HVDC va suv osti kabellari, yuqori kuchlanishli elektr kabellari, telekommunikatsiya hamda qayta tiklanuvchi energiya sohasi uchun kabel yechimlari ishlab chiqaradi. Kompaniyaning yillik tushumi qariyb 4,5 mlrd AQSH dollarini tashkil etadi va mahsulotlari jahonning koʻplab bozorlariga yetkazib beriladi.