Oʻzbekiston Prezidenti JSST bilan hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi
Oʻzbekiston Prezidenti JSST bilan hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-aprel kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusni qabul qildi.
Ushbu nufuzli tashkilot bilan milliy sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va mustahkamlash borasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Keyingi yillarda JSST bilan hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani taʼkidlandi. Sogʻliqni saqlash sohasidagi keng koʻlamli va tizimli islohotlar tashkilotning ekspert-maslahat koʻmagi hamda uning xalqaro standartlari va tavsiyalarini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda.
Hamkorlik doirasida sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirishga qaratilgan bir qator strategik hujjatlar ishlab chiqildi. Malakali tibbiyot xodimlari tayyorlanmoqda, birlamchi tibbiy-sanitar yordam, diagnostika va kasalliklar profilaktikasi tizimlari takomillashtirilmoqda, davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilmoqda.
JSST bosh direktori mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, aholining tibbiyot xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, umr koʻrish davomiyligini uzaytirish, onalar oʻlimini kamaytirish va raqamli tibbiyotni rivojlantirish borasida erishilgan salmoqli natijalarni alohida eʼtirof etdi.
Uchrashuv yakunida farmatsevtika sohasini tartibga solish tizimini takomillashtirish, sogʻliqni saqlash sohasida raqamli yechimlar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish kabi ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda qoʻshma tadbir va tadqiqotlar oʻtkazish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
#Shavkat Mirziyoyev