O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

MDH mamlakatlari Savdo-sanoat palatalari rahbarlari kengashining 24-yig‘ilishi o‘tkazildi

Dilafro'z Niyazova · 20.03.2025 · 13:00 · 649 views
MDH mamlakatlari Savdo-sanoat palatalari rahbarlari kengashining 24-yig‘ilishi o‘tkazildi
MDH mamlakatlari Savdo-sanoat palatalari rahbarlari kengashining 24-yig‘ilishi o‘tkazildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 19 mart kuni Tojikiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisligida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlari Savdo-sanoat palatalari rahbarlari kengashining 24-yig‘ilishi onlayn formatda bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov va MDHga aʼzo mamlakatlar Savdo-sanoat palatalari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida MDH davlatlari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, ko‘rgazma-yarmarka va kongress faoliyatini takomillashtirish, elektron savdoni rivojlantirish hamda tadbirkorlik muhitini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, har bir mamlakat o‘z hududida joriy yilda o‘tkaziladigan xalqaro ko‘rgazmalar va savdo-sanoat tadbirlari ro‘yxati bilan ishtirokchilarni tanishtirdi. Yig‘ilish davomida 2025 yilda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Shu bilan birga, Dilshod Rasulov tadbir ishtirokchilarini joriy yilning 28–29 aprel kunlari poytaxtimizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan MDH ishtirokchi-davlatlarining birinchi hududlar forumi doirasida Kengashning navbatdan tashqari yig‘ilishini tashkil etish taklifini ilgari surdi.

Yig‘ilish yakunida barcha ishtirokchilar o‘zaro ishonch va professional munosabatlarni yana-da mustahkamlab, axborot almashinuvni yana-da faollashtirishga qatʼiy intilish bildirishdi.