O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Sport

Kannavaro Portugaliyaga qarshi o‘yin haqida fikr bildirdi

UzDaily · 22.06.2026 · 23:36 · 24 views
Kannavaro Portugaliyaga qarshi o‘yin haqida fikr bildirdi

Kannavaro Portugaliyaga qarshi o‘yin haqida fikr bildirdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro JCH-2026 doirasidagi debyut tajribasi, Kolumbiyaga qarshi dastlabki o‘yin natijalari hamda Portugaliya terma jamoasi bilan bo‘lajak uchrashuv haqida fikr bildirdi.

Italiyalik mutaxassis terma jamoani jahon chempionatida boshqarish uning faoliyatidagi futbolchilik davridan mutlaqo farq qiluvchi hissiyotlarni berganini taʼkidladi. Uning aytishicha, murabbiy maydondan tashqarida turgani uchun o‘yinni ancha keskinroq qabul qiladi va barcha jarayonlarni to‘liq nazorat qila olmaydi. Kolumbiyaga qarshi birinchi tur uchrashuvi natijalarini baholar ekan, Fabio Kannavaro yuqori darajada har qanday eʼtibor susayishi darhol jarima bilan yakunlanishini qayd etdi.

Shu bilan birga, murabbiy natija salbiy bo‘lsada, ikkinchi bo‘limdan qoniqqanini bildirdi. Unda O‘zbekiston futbolchilari o‘z o‘yin uslubini namoyish etishdan qo‘rqmagani, gol urgani va maydonda ustunlik qilishga harakat qilgani taʼkidlandi.

Portugaliyaga qarshi ikkinchi tur oldidan Fabio Kannavaro futbolchilarga psixologik bosimni kamaytirishga urinmoqda. U raqib tarkibida jahon miqyosidagi yulduzlar, jumladan Krishtianu Ronaldu borligini qayd etib, uni so‘nggi yigirma yilning eng buyuk futbolchilaridan biri sifatida Lionel Messi bilan bir qatorda baholadi.

Portugaliyaning to‘p nazorati va qisqa paslarga asoslangan o‘yin uslubiga qarshi O‘zbekiston himoyada maksimal intizom namoyon etishi zarurligi aytildi. Shu bilan birga, murabbiy raqib obro‘sidan cho‘chimaslik kerakligini alohida taʼkidladi: «Ha, Ronaldu ajoyib o‘yinchi va katta yulduz, lekin o‘yin boshlanganidan keyin bularning barchasini unutishingiz kerak. Siz maydonda do‘st emassiz».

Turnirdagi asosiy maqsad haqida gapirar ekan, Fabio Kannavaro O‘zbekistonni tarixda yorqin iz qoldiradigan debyutant sifatida ko‘rmoqchi ekanini bildirdi. U jamoa nafaqat rasmiy grandlarga qarshi kurasha oladigan, balki go‘zal va tartibli futbol namoyish etadigan jamoa sifatida yodda qolishini istashini taʼkidladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasidagi Guruh K doirasidagi uchrashuv 23 iyun kuni Toshkent vaqti bilan 22:00 da boshlanadi.

UzDaily · 👁 24 views · 22.06.2026 · 23:36