Jizzax va Farg‘onada pora olishda gumonlanganlar qo‘lga olindi
Jizzax va Farg‘onada pora olishda gumonlanganlar qo‘lga olindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mansabdor shaxslar ishtirokidagi korrupsiyaviy huquqbuzarlik holatlari aniqlandi.
Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar yakunlari bo‘yicha maʼlum qilindi.
Jizzax viloyatida Sharof Rashidov tumani hokimligi mansabdor shaxsi xizmat mavqeini suiisteʼmol qilishda gumon qilinmoqda.
Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, amaldor tadbirkorning ishonchiga kirib, tuman melioratsiya bo‘limi balansida bo‘lgan 45 sotix yer maydonini ajratishda ko‘maklashish, shuningdek, tadbirkorning tanishini mahalliy MCHJlardan biriga ishga joylashtirish evaziga 500 AQSH dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi pul mablag‘larini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, hokimlik vakili mazkur masalalarni hal qilish bahonasida avval ham 3,5 million so‘m olgan va ushbu mablag‘ni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflagan.
Farg‘ona viloyatida esa xususiy aksiyadorlik-tijorat bankining bank xizmatlari markazlaridan biri rahbari ish bo‘yicha figurant sifatida qayd etilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar maʼlumotiga ko‘ra, u fuqarodan bank bosh ofisidagi tanishlari orqali 2,5 milliard so‘m miqdorida kredit olishga yordam berish evaziga kredit summasining 5 foizi, yaʼni 125 million so‘m talab qilgan.
Tezkor tadbir doirasida bank xodimi kelishilgan mablag‘ hisobiga 10 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.