O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

IMAN Adl Neo servisi imkoniyatlariga aniqlik kiritdi

UzDaily tahririyati · 17.07.2026 · 13:30 · 37 views
IMAN Adl Neo servisi imkoniyatlariga aniqlik kiritdi

IMAN Adl Neo servisi imkoniyatlariga aniqlik kiritdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — IMAN kompaniyasi 2026 yil 18 iyun kuni yangi mahsulotlar qatori tarkibida taqdim etilgan Adl Neo servisi yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi. Izoh berishga ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda servis imkoniyatlari haqida eʼlon qilingan materiallar sabab bo‘ldi.

Kompaniya taʼkidlashicha, Adl Neo bank emas va O‘zbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq bank litsenziyasini talab qiladigan faoliyatni amalga oshirmaydi.

Shuningdek, IMAN servis tavsifida «islom banki» va “neobank” atamalaridan foydalanishdan voz kechganini maʼlum qildi. Kompaniya bahosiga ko‘ra, ushbu atamalar servisning haqiqiy imkoniyatlarini to‘liq aks ettirmaydi.

Kompaniya qayd etishicha, Adl Neo rivojlanishining joriy bosqichida virtual va jismoniy bank kartalarini chiqarishni nazarda tutmaydi, P2P o‘tkazmalarini qo‘llab-quvvatlamaydi hamda standart bank xizmatlarini bevosita ko‘rsatmaydi.

Bayonotda mahsulot O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligi talablariga muvofiq ravishda bosqichma-bosqich rivojlantirilishi taʼkidlangan.

Bundan tashqari, IMAN ayrim manbalarda avval tarqatilgan maʼlumotlar servisning haqiqiy imkoniyatlarini to‘liq aks ettirmaganini bildirdi. Kompaniyaning taʼkidlashicha, mazkur bayonot foydalanuvchilar o‘rtasida yuzaga kelgan tushunmovchiliklarni bartaraf etish va mahsulot haqida ishonchli maʼlumot taqdim etish maqsadida eʼlon qilingan.

Kompaniya o‘zining barcha mahsulotlari va servislari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga qatʼiy muvofiq holda ishlab chiqilayotganini alohida taʼkidladi.