G‘allaorolda iqlimga chidamli dehqonchilik uchun ilmiy hamkorlik yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi
G‘allaorolda iqlimga chidamli dehqonchilik uchun ilmiy hamkorlik yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi delegatsiyasi Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida joylashgan Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan tanishdi.
Sherzod Umarov boshchiligidagi delegatsiya institut direktori Bunyod Mamaraximov bilan uchrashdi. Tashrif davomida institutning boy ilmiy merosi ham e’tirof etildi. Qayd etilganidek, ushbu ilmiy muassasa faoliyati 1913 yilda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri yaqinida tashkil etilgan Zarafshon tajriba dalasidan boshlangan bo‘lib, keyinchalik turli bosqichlarda rivojlanib, bugungi kunda lalmikor dehqonchilik yo‘nalishidagi yetakchi ilmiy maskanlardan biriga aylangan.
Amalga oshirilgan tashrif doirasida delegatsiya a’zolari institutning ilmiy faoliyati, qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi yo‘nalishida erishilgan yutuqlar hamda lalmi dehqonchilik sharoitida qo‘llanilayotgan zamonaviy va innovatsion yondashuvlar va texnologiyalar bilan tanishtirildi.
Xususan, qurg‘oqchilikka chidamli ekin navlarini yaratish, hosildorlikni oshirish va iqlim o‘zgarishlariga mos texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, institutning ko‘p yillik ilmiy-amaliy tajribasi, lalmi hududlarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi muhim o‘rni alohida ta’kidlandi.
Institutning tajriba xo‘jaligi yerlarini ko'zdan kechirish davomida delegatsiya a‘zolari bug‘doy, arpa, maxsar va no‘xat ekinlarining ilg'or seleksiya ishlari natijasida yaratilgan yangi navlari bilan batafsil tanishdi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, mazkur navlar nafaqat yuqori hosildorligi, balki tez o‘zgarib borayotgan iqlim sharoitiga moslashuvchanligi va uzoq davom etadigan qurg‘oqchilik davrlariga bardoshliligi bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Ushbu xususiyatlari tufayli yangi navlar faqat O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun emas, balki suv taqchilligi va issiqlik muammolari tobora kuchayib borayotgan Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari — Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston uchun ham katta istiqbol va amaliy qiymat kasb etadi.
Shu bilan birga, delegatsiya institutning moddiy-texnik bazasi bilan ham yaqindan tanishdi. Xususan, tajriba maydonlarida olib borilayotgan dalа sinovlari, zamonaviy ekinlar urug‘chiligi tizimi, yuqori unumdorlikka ega urug‘larni tozalash va saralash uskunalari hamda qishloq xo‘jaligining ilg‘or texnikalari kuzatildi va baholandi.
Delegatsiya a'zolari, shuningdek, institutda joriy etilgan tuproqni muhofaza qiluvchi va resurs tejovchi dehqonchilik usullari — xususan, tuproqqa ishlov bermasdan ekin ekish usullari, almashlab ekish tizimlari va sug‘orishni optimallashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy yondashuvlar — bilan ham alohida qiziqish bilan tanishdi. Bu borada qo‘lga kiritilgan natijalar mintaqada barqaror oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash yo‘lida muhim qadam sifatida baholandi.
Taqdim etilgan ma’lumotlar delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otib, institut faoliyatiga yuqori baho berildi. Uchrashuv davomida tomonlar lalmi sharoitda tuproqni himoya qiluvchi va resrus tejovchi qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini sinovdan o‘tkazish, yomg‘ir suvlarini yig‘ish texnologiyalarini namoyish qilish hamda biopestitsidlar bo‘yicha tadqiqotlarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Mazkur tashrif ilm-fan, innovatsiya va xalqaro hamkorlikni uyg‘unlashtirgan holda, iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun muhim asos yaratdi.
Tomonlar ilmiy ishlanmalar va iqlimga o‘zgarishiga mos yechimlarni amaliyotga joriy etishda xotin-qizlar hamda yoshlarning ehtiyojlarini inobatga oluvchi yondashuvlar muhim ekanini ham ta’kidladilar. Bu, ayniqsa, lalmi hududlarda bilim va innovatsiyalardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish nuqtai nazaridan dolzarbdir.