Fransiya elchixonasi viza firibgarlaridan ogohlantirdi
Fransiya elchixonasi viza firibgarlaridan ogohlantirdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasidagi Fransiya elchixonasi fuqarolarga rasmiy murojaat bilan chiqib, vizaga yozilish va kirish vizalarini rasmiylashtirish jarayoni bilan bog‘liq firibgarlik holatlari ko‘paygani haqida ogohlantirdi.
Bayonotda taʼkidlanishicha, uchinchi shaxslar tomonidan viza arizalarini topshirish jarayonidan noqonuniy daromad olishga qaratilgan har qanday tijorat manipulyatsiyalari mutlaqo qabul qilinmaydi va bunday holatlarga nisbatan qatʼiy choralar ko‘riladi.
Elchixona Fransiyaga safarni oldindan rejalashtirishga chaqirib, fuqarolarga TLScontact vakolatli operatori tomonidan belgilanmagan har qanday norasmiy to‘lovlarni amalga oshirmaslikni qatʼiy tavsiya qildi.
Agar elektron navbat tizimida bo‘sh vaqtlar mavjud bo‘lmasa, fuqarolarga shubhali vositachilar xizmatidan foydalanmasdan, maʼlum vaqt o‘tgach mustaqil ravishda yana qayta urinib ko‘rish tavsiya etildi. Chunki qabul uchun yangi sanalar viza markazi tomonidan muntazam ravishda ochib boriladi.
Murojaatda TLScontact kompaniyasi xodimlarining maʼmuriy ko‘rsatmalariga rioya qilish hamda belgilangan tartibga amal qilish muhim ekaniga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, diplomatik vakolatxona maʼlum qilishi a, viza olish uchun hujjat topshirishda ustuvorlik va ko‘mak anʼanaviy tarzda Fransiya oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yoki tahsilni yakunlagan o‘zbekistonlik talabalarga, shuningdek, malakali mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislarga beriladi.
Elchixona vakillari qayd etishicha, masʼul xizmatlar ro‘yxatdan o‘tish jarayonini muntazam monitoring qilib bormoqda. Agar firibgarlik yoki navbatlarni sunʼiy ravishda band qilib turish holatlari tasdiqlansa, aybdor shaxslarga nisbatan zudlik bilan qatʼiy sanksiyalar qo‘llaniladi.
TLScontact xalqaro kompaniyasi diplomatik idoralar bilan tuzilgan shartnoma asosida hujjatlarni qabul qilish, fuqarolarni qabulga yozish hamda viza jarayonining maʼmuriy va texnik qo‘llab-quvvatlanishini taʼminlovchi yagona rasmiy operator hisoblanadi.