Fargʻona viloyati delegatsiyasi Belarusning eng yirik qishloq xoʻjaligi komplekslaridan birining tajribasini oʻrgandi
Fargʻona viloyati delegatsiyasi Belarusning eng yirik qishloq xoʻjaligi komplekslaridan birining tajribasini oʻrgandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston-Belarus hududlararo uchinchi forumi doirasida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiya ayni paytda Gomel viloyatidagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishmoqda.
Delegatsiya a’zolari dastlab Gomel viloyatining Jitkovichi tumanida joylashgan yirik qishloq xo‘jaligi korxonalaridan biri- "Turovshina" aksiyadorlik jamiyatida bo‘ldi. 5 ming tonna sig‘imga ega omborxona, korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishildi.
Mazkur jamiyat jadal rivojlanayotgan agrosanoat majmuasi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Korxonaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish, konserva mahsulotlari tayyorlash ("Turov konserva kombinati" filiali), shuningdek, turizm va ovchilik xizmatlarini ko‘rsatishdan ("Losiniy ostrov" filiali) iborat.
"Turov konserva kombinati" filialida asosan turli xil konserva mahsulotlari ishlab chiqariladi. Mahsulot turlari keng bo‘lib, marinadlangan va konservalangan bodring, pomidor, qovoq ikrasi, loviya va piyoz konservalari, ketchup, tabiiy meva-sabzavot va rezavorlardan, shuningdek, konsentratlar asosida tayyorlangan sharbatlar ishlab chiqariladi.
"Turovshina" AJning asosiy ishlab chiqarish ixtisoslashuvi don va dukkakli don ekinlari, yem-xashak hamda texnik ekinlar yetishtirish, shuningdek, sut va go‘sht ishlab chiqarishdan iborat.
O‘simlikshunoslik tarmog‘ida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va yer resurslaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratiladi. Barcha turdagi dala ishlarini bajarish uchun zarur qishloq xo‘jaligi texnikalari, tirkamalar va osma agregatlar mavjud.
"Turovshina" AJning rivojlanish strategiyasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, qayta ishlash sanoati korxonalarini sifatli xomashyo bilan ta’minlash va Belarus Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.