Ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etiladi

Ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etiladi

Ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslarni boshqarish sohalaridagi qonunbuzarliklar uchun yangi moliyaviy sanksiyalarni joriy qildi. Tegishli o‘zgarishlar 2026-yil 4-maydagi O‘RQ-1143-sonli qonunda mustahkamlangan bo‘lib, u bir nechta amaldagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etilishi belgilandi.

Unga ko‘ra, daryolarning o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitga yetkazilgan zararning 3 baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.

Suvlarni ifloslantirganlik, shuningdek suv obyektlariga oqova suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlari to‘g‘risidagi talablarni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya to‘lovining 10 baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.

Yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yoki ularga biriktirilgan hududdagi daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmaganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan atrof-muhitga yetkazilgan zararning 5 baravari miqdorida jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling