Xorazmda 6,1 milliard dollarlik bioyoqilg'i ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda
Xorazmda 6,1 milliard dollarlik bioyoqilg'i ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — BAAning “Allied Biofuels” va “DEEM Engineering” kompaniyalari bilan Xorazm viloyatining Tuproqqal’a tumanida bioyoqilg‘i ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuv imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Umumiy qiymati 6,1 milliard AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu loyiha to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshiriladi. Jo‘xori poyasini vodorod aralashmasi texnologiyasi orqali qayta ishlash uchun Xorazm viloyatida 6 ming gektar yer ajratildi.
Ishlab chiqarish 2030-yilning uchinchi choragida yo‘lga qo‘yilib, yiliga 110 ming tonna aviatsiya yoqilg‘isi, 300 ming tonna elektroaviatsiya yoqilg‘isi va 5 ming tonna “yashil dizel” ishlab chiqariladi.
Bundan tashqari, “Allied Biofuels” Urganch shahrida qiymati 250 million dollar bo‘lgan 5 yulduzli mehmonxona va 160 million dollarlik, 300 o‘rinli zamonaviy klinika qurishni rejalashtirmoqda.
“O‘zbekistonda yaratilgan shaffof investitsiya muhiti va «yashil iqtisodiyot»ga qaratilayotgan e’tibor ushbu yirik loyihani amalga oshirishimiz uchun mustahkam zamin yaratdi”, deya ta’kidladi “DEEM Engineering” bosh direktori Muhammad Alfalasi.