Turkiyadan qidiruvda bo‘lgan ikki shaxs O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi
Turkiyadan qidiruvda bo‘lgan ikki shaxs O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlik natijasida Turkiya Respublikasi hududida xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki nafar fuqaro ushlanib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.
Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Konsulxona maʼlumotiga ko‘ra, ushlanganlardan biri M. B. bo‘lib, u uzoq vaqt davomida Turkiyada yashiringan va O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha ayblanib qidiruvda bo‘lgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish) bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan J. B. ham aniqlanib, qo‘lga olingan.
Zarur protsessual tartib-taomillar yakunlanganidan so‘ng har ikki fuqaro amaldagi qonunchilikka muvofiq tarzda o‘zbek tomoniga topshirildi.
Hozirgi vaqtda ekstraditsiya qilingan shaxslarga nisbatan vakolatli organlar tomonidan tergov va sud harakatlari olib borilmoqda.