Toshkentda mintaqaviy aloqalar va investitsiyalarni ragʻbatlantirish masalalari muhokama qilindi
Toshkentda mintaqaviy aloqalar va investitsiyalarni ragʻbatlantirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 29-iyun kuni Toshkent shahrida Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki “Shveysariya guruhi”ning navbatdagi yig‘ilishi doirasida “O‘zaro bog‘liqlik: mintaqaviy hamkorlik, xususiy sektor investitsiyalari va ochiq savdo” mavzusida yuqori darajadagi seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani asosiy ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Tadbirga Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benhassin moderatorlik qildi. Shuningdek, panel muhokamasida Lixtenshteyn Knyazligi Bosh vaziri Brigitta Haas, Shveysariya Konfederatsiyasining xalqaro moliya bo‘yicha davlat kotibi Pietro Lazzeri, Tojikiston Respublikasi Moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda, Polsha Respublikasi davlat kotibi o‘rinbosari Jurand Drop hamda Xalqaro moliya korporatsiyasining Turkiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston bo‘yicha direktori Liza Kestner so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi global iqtisodiy sharoitda mintaqaviy hamkorlik iqtisodiy o‘sish, barqarorlik va raqobatbardoshlikni oshirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, transport va logistika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, savdo xarajatlarini kamaytirish hamda qo‘shni mamlakatlar bilan iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish alohida ahamiyatga ega.
Shundan kelib chiqib panel sessiyasi mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlash, raqamli infratuzilma, energetika, transport va savdo yo‘laklarini rivojlantirish, shuningdek, xususiy sektor investitsiyalarini jalb etish masalalariga bag‘ishlandi. Tadbir davomida mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, transport, energetika, logistika va raqamli infratuzilma sohalarida transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Seminarda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lida olib borayotgan izchil sa’y-harakatlari mamlakatning xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvi, milliy qonunchilik va tartibga solish mexanizmlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, investorlar uchun ochiq va bashorat qilinadigan muhit yaratish borasidagi muhim qadam sifatida baholandi.
Shuningdek, infratuzilma va o‘zaro bog‘liqlik loyihalariga xususiy investitsiyalarni jalb etish, davlat-xususiy sheriklik, kafolatlar va aralash moliyalashtirish mexanizmlaridan samarali foydalanish, savdo xarajatlarini kamaytirish, bojxona jarayonlarini modernizatsiya qilish hamda tartibga solish mexanizmlarini uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Muhokamalarda Jahon banki guruhi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa xalqaro moliya institutlarining mintaqaviy bog‘liqlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdagi roli ham ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar yakunida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, ustuvor infratuzilma loyihalariga davlat va xususiy investitsiyalarni safarbar etish, ochiq va qoidalarga asoslangan savdoni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zaro bog‘liqlik, investitsiyalar va ochiq savdo mintaqada barqaror iqtisodiy o‘sish, yangi imkoniyatlar yaratish hamda aholi farovonligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.