O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Yaponiya energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

UzDaily tahririyati · 07.07.2026 · 21:25 · 27 views
Oʻzbekiston va Yaponiya energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Yaponiya energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Yaponiya ishbilarmonlik hamkorligi qo‘mitasi – KEIDANREN raisi Hashimoto Takeshi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.
 
Uchrashuvda O‘zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi M. Abdurahmonov, shuningdek, “Shimizu Corporation”, “Sumitomo Corporation”, “Sojitz Corporation”, “Mizuho Bank”, “Mitsubishi Heavy Industries EMEA”, “Marubeni Corporation” hamda “ITOCHU Corporation” vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-20-dekabr kunlari Yaponiyaga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifidan so‘ng o‘zaro munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, ushbu tashrif ikki tomonlama hamkorlikka kuchli sur’at bag‘ishladi. Xususan, yapon kompaniyalarining energetika tarmog‘iga, ayniqsa, qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalariga kiritayotgan investitsiyalari ulushi sezilarli darajada o‘sgani va bu yo‘nalishda keng imkoniyatlar ochilgani e’tirof etildi.
 
Tomonlar ikki davlat oʻrtasida energetika yoʻnalishidagi koʻp yillik samarali hamkorlikni yuqori baholab, istiqboldagi qoʻshma loyihalar yuzasidan fikr almashdilar.
 
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston energetika sohasida bugungi kunga qadar Yaponiya kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati 5,6 mlrd dollarini tashkil etuvchi 14 ta yirik loyiha amalga oshirildi. Hozirgi kunda umumiy qiymati 2,6 mlrd dollar bo‘lgan 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda, shuningdek, umumiy qiymati 7,7 mlrd dollariga teng 7 ta istiqbolli loyiha ishlab chiqilmoqda.
 
Muloqot chogʻida hamkorlikni yanada kengaytirishning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.
 
Xususan, magistral elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarni EPC+F modeli asosida barpo etish, gaz transporti tizimidagi kompressor stansiyalarini elektrlashtirish orqali energiya samaradorligini oshirish, yashil vodorod texnologiyalarini rivojlantirish, elektromobillar zaryadlash infratuzilmasini rivojlantirish va zamonaviy texnik standartlarni joriy etish, energiya samaradorligi sohasida ilgʻor yapon tajribasini tatbiq etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini energiya tizimiga integratsiya qilish hamda zamonaviy energiya tizimlarini boshqarish boʻyicha kadrlar tayyorlash va tajriba almashish masalalari koʻrib chiqildi.
 
Uchrashuv yakunida tomonlar energetika sohasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va oʻzaro manfaatli loyihalarni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.