Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni tibbiyot sohasida kelishuvlar imzoladi
Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni tibbiyot sohasida kelishuvlar imzoladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 27-iyul kuni Toshkent shahrida Saudiya Arabistoni Podshohligi sog‘liqni saqlash vaziri Fahd bin Abdurahmon al-Jalajil boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida sog‘liqni saqlash sohasida O‘zbekiston-Saudiya hamkorligini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov va investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Shohruh G‘ulomov ham ishtirok etdi.
Tomonlar sog‘liqni saqlash sohasidagi amaliy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini, jumladan, tibbiy infratuzilmani rivojlantirish, sarmoyalarni jalb etish, sohani raqamlashtirish, tibbiy sug‘urta, kadrlar tayyorlash, shuningdek, farmatsevtika sanoati va tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Vision Invest kompaniyasi ishtirokida davlat-xususiy sheriklik asosida Farg‘ona viloyatida 800 o‘rinli ko‘p tarmoqli tibbiyot majmuasini barpo etish loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Loyiha tibbiy xizmatlarni boshqarish va ko‘rsatishning zamonaviy standartlarini joriy etishni ko‘zda tutadi va Saudiya Arabistonining O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga kiritayotgan investitsiyalari ko‘lamini kengaytirish namunalaridan biri sifatida baholanmoqda.
Shu kuni ikki mamlakatning sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalaridagi davlat tuzilmalari hamda yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Saudiya davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Tamila Aliyeva, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov, shuningdek, O‘zbekiston va Saudiya Arabistonining boshqa idoralari, tibbiyot va farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari hamda vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvlar yakunida tibbiy sug‘urta, virtual sog‘liqni saqlash, tibbiyot kadrlarini tayyorlash, markazlashtirilgan xaridlar, tibbiyot va farmatsevtika sanoati, shuningdek, ikki mamlakat davlat va xususiy tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Imzolangan hujjatlar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va SEHA virtual shifoxonasi o‘rtasidagi Hamkorlik dasturi, tibbiy sug‘urta sohasidagi Hamkorlik dasturi, shuningdek, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni tashkilotlari, jumladan, UZINFOCOM, Lean Business Services, NUPCO, Health Holding va Vision Invest o‘rtasidagi memorandumlar o‘rin olgan.
Davra suhbatida so‘zga chiqqan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi strategik sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biriga aylanib borayotganini ta’kidladi.
"Bugungi kunda ikki mamlakatning qo‘shma sarmoyaviy portfeli umumiy qiymati 24,8 mlrd dollarlik 48 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, hamkorlik yangi yo‘nalishlarda, jumladan, sog‘liqni saqlash sohasida ham izchil kengayib bormoqda.
O‘zbekiston Saudiya Arabistonining davlat muassasalari, tibbiyot tashkilotlari, universitetlari, texnologik kompaniyalari va sarmoyadorlari bilan uzoq muddatli hamda aniq natijalarga yo‘naltirilgan sheriklikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor", - deya ta’kidladi J.Xodjayev.
Erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi aholining sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga, sohaning texnologik yangilanishini jadallashtirishga hamda sog‘liqni saqlash sohasiga sarmoya kiritish va xususiy sektorni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.