O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston Slovakiyaning davlat moliyasini boshqarish sohasidagi tajribasini oʻrgandi

UzDaily tahririyati · 01.07.2026 · 17:25 · 35 views
Oʻzbekiston Slovakiyaning davlat moliyasini boshqarish sohasidagi tajribasini oʻrgandi

Oʻzbekiston Slovakiyaning davlat moliyasini boshqarish sohasidagi tajribasini oʻrgandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston davlat moliyasi sohasidagi mutaxassislari Slovakiya Respublikasiga tashrif buyurib, xarajatlar sharhlari, natijaga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish, investitsiya loyihalarini baholash hamda soliq ta’sirini baholash kabi yo‘nalishlarda xalqaro tajribani o‘rgandilar. Ushbu vositalar O‘zbekistonda davlat moliyasining samaradorligi, shaffofligi va rivojlanishga qo‘shayotgan hissasini oshirishga xizmat qiladi.

Ushbu oʻquv tashrifi Oʻzbekistonda strategik byudjetlashtirish va davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish borasida qilinayotgan saʼy-harakatlar doirasida oʻzaro amaliy tajriba almashish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari hamda Slovakiya Respublikasi Moliya vazirligi mutaxassislarini bir davraga jamladi.

“Bu shunchaki Oʻzbekiston va Slovakiya oʻrtasidagi hamkorlik emas; bu har ikki mamlakat moliya vazirliklari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar va amaliy tajriba almashishni ifodalaydi. Slovakiyaning Value for Money (Mablag‘larning samarali sarflanishi) departamenti tomonidan qoʻllaniladigan narxlarni taqqoslash, maʼlumotlar bazalari, investitsiyalarni baholash usullari, soliq taʼsirini baholash va yashil byudjetlashtirish tizimi kabi vositalarni moslashtirish Oʻzbekistonda dalillarga asoslangan siyosat yuritish uchun bevosita ahamiyatga egadir”, deya taʼkidladi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat byudjeti siyosati departamenti direktorining oʻrinbosari Shohrux Ishankulov.

Bir haftalik dastur davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Slovakiyaning fiskal tizimi, natijaga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish, davlat investitsiyalarini boshqarish, xarajatlar sharhlari hamda soliq ta’sirini baholash metodologiyalariga bag‘ishlangan keng qamrovli sessiyalarda ishtirok etdi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va energetika sohalaridagi davlat xarajatlariga oid amaliy misollar, seminarlar va keyslar orqali ishtirokchilar ushbu vositalarning O‘zbekistonda dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish hamda davlat moliyasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishdagi ahamiyati bilan yaqindan tanishdilar.

“Bugungi kunda byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish O‘zbekiston uchun ustuvor vazifalardan biridir. Slovakiya tajribasi shuni ko‘rsatadiki, budjet jarayoniga Value for Money (Mablag‘larning samarali sarflanishi) mexanizmini joriy etish va xarajatlar sharhlarini muntazam o‘tkazish amalda o‘z samarasini beradi. Bu yondashuv mamlakatimizda ikki muhim maqsadga: davlat mablag‘larini tejash orqali fiskal imkoniyatlarni kengaytirish hamda byudjet dasturlarining natijadorligini oshirishga yordam beradi”, dedi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat byudjeti siyosati departamenti Konsolidatsiyalashgan byudjetni shakllantirish va davlat maqsadli jamg‘armalari monitoringi bo‘limi boshlig‘i Jahongir Negmatov. 

Delegatsiya, shuningdek, Slovakiyaning xarajatlar sharhlari bo‘yicha tajribasi bilan tanishdi. Mazkur vosita davlat xarajatlarini hukumatning ustuvor yo‘nalishlariga yanada moslashtirish va mablag‘lardan foydalanish samaradorligini oshirish orqali davlat xarajatlari sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Ayniqsa, Slovakiya mutaxassislarining xarajatlar sharhlarini amaliyotga joriy etish jarayonida to‘plagan tajribasi va undan olingan saboqlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

“Slovakiyalik hamkasblar davlat moliyasini boshqarish tizimini isloh qilish jarayonidagi muvaffaqiyatlari bilan bir qatorda duch kelgan qiyinchiliklari haqida ham ochiq fikr almashdilar. Muhokama uchun tanlangan mavzular ayni paytda hukumatimiz kun tartibidagi eng dolzarb masalalardan hisoblanadi. Mutaxassislar o‘rtasida samimiy va ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi, bu esa O‘zbekistonda davlat moliyasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish uchun muhim xulosalar chiqarishimizga imkon berdi,”  dedi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat byudjeti siyosati departamenti Davlat byudjeti siyosatini yuritish bo‘limi bosh mutaxassisi Muzaffar Aniyozov.

O‘quv tashrifi O‘zbekiston va Slovakiya muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlab, kelgusida muntazam muloqot va texnik hamkorlikni davom ettirish uchun mustahkam zamin yaratdi.

Tajriba va metodologiyalar almashinuvidan tashqari, muhokamalar islohotlarning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladigan institutsional salohiyatni rivojlantirishga qaratildi. Jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) va “yashil” ustuvor yo‘nalishlarni byudjet jarayoniga integratsiya qilish, investitsiya qarorlarini yanada asoslangan tarzda qabul qilish hamda davlat muassasalarining tahliliy imkoniyatlarini kuchaytirish masalalari alohida e’tibor markazida bo‘ldi.