“O‘zbekneftegaz” va SOCAR AZS tarmog‘ini rivojlantiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftegaz” AJ va Ozarbayjon Davlat neft kompaniyasi (SOCAR) O‘zbekistonda zamonaviy avtomobil yoqilg‘i quyish shoxobchalari (AYOQSH) tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzoladi.
Hujjat O‘zbekiston va Ozarbayjon mintaqalararo hamkorlik bo‘yicha IV forumi doirasida imzolandi. Kelishuv tomonlarning yoqilg‘i infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi hamkorligining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi.
Xususan, “O‘zbekneftegaz” va SOCAR O‘zbekistonda zamonaviy AYOQSHlar tarmog‘ini tashkil etish va rivojlantirish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish hamda baholashni rejalashtirmoqda. Tomonlar obyektlarni joylashtirish uchun istiqbolli hududlarni aniqlash va tegishli maydonlarni baholashni ham ko‘zda tutgan.
Bundan tashqari, kompaniyalar ehtimoliy loyihalarni amalga oshirish uchun maqbul biznes modellari va amaliy mexanizmlarni birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldi.
Hamkorlik “O‘zbekneftegaz” va SOCAR o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston yoqilg‘i infratuzilmasini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni o‘rganishga qaratilgan.