O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O'zbekiston va Rubicon Water suv xo'jaligini raqamlashtirish sohasida hamkorlikni kengaytiradi

UzDaily tahririyati · 08.07.2026 · 12:30 · 39 views
O'zbekiston va Rubicon Water suv xo'jaligini raqamlashtirish sohasida hamkorlikni kengaytiradi

O'zbekiston va Rubicon Water suv xo'jaligini raqamlashtirish sohasida hamkorlikni kengaytiradi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 6-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev Rubicon Water kompaniyasining Shimoliy Amerika bo‘yicha bosh direktori Darren Makgregor bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda suv xo‘jaligini raqamlashtirish, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, zamonaviy boshqaruv texnologiyalarini joriy etish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Vazir mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, raqamli boshqaruv tizimlari, gidrotexnik inshootlarni avtomatlashtirish, yagona raqamli platforma va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish ishlari haqida ma’lumot berdi.

Tomonlar Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilgan pilot loyihaning natijalarini yuqori baholadilar.

Loyiha doirasida Mirishkor va Kamashi kanallarining 13,4 kilometr qismida 26 ta avtomatlashtirilgan gidrotexnik inshoot o‘rnatilib, masofaviy boshqaruv va monitoring tizimi joriy etildi. Natijada 6,5 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minoti yaxshilanib, suv taqsimotini boshqarish samaradorligi 30–40 foizga oshdi.

Shuningdek, tomonlar irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlari, xalqaro moliyaviy resurslarni jalb qilish hamda Rubicon Water texnologiyalari va uskunalarini O‘zbekistonda mahalliylashtirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Kompaniya vakillari Avstraliya, AQSH, Hindiston, Xitoy va boshqa davlatlarda amalga oshirilgan loyihalar tajribasi hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali erishilgan natijalarni taqdim etdilar.

Uchrashuvda kadrlar tayyorlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti bilan hamkorlikni ijobiy baholab, institut negizida mutaxassislar tayyorlashni davom ettirish, shuningdek, uning Yuta universiteti va Melburn universiteti bilan akademik hamkorligini yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.

Shuningdek, tomonlar Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, suv resurslarini boshqarish, raqamli texnologiyalar, avtomatlashtirish va suv tejash sohalarida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida vazir kompaniya rahbariyatini joriy yil kuzda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumi va Water Tech Expo 2026 xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif qildi. Rubicon Water kompaniyasi rahbariyati taklifni mamnuniyat bilan qabul qilib, ko‘rgazmada faol ishtirok etish, o‘zining ilg‘or texnologiyalari va innovatsion ishlanmalarini namoyish etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Tomonlar uchrashuv yakunida suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahalliylashtirish, ilmiy-ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.