Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Ozarbayjon Boku shahrida konsullik maslahatlashuvlarining to‘rtinchi raundini o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, migratsiya masalalari hamda vakolatli organlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhokama qilindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Uchrashuv ishtirokchilari konsullik xizmatlari hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston va Ozarbayjon fuqarolarining huquqlarini himoya qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.
Muzokaralar kun tartibidan migratsiya, adliya, statistik maʼlumotlar almashinuvi va shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirish masalalari ham o‘rin oldi. Tomonlar tegishli idoralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash muhimligini taʼkidladi.
Konsullik xizmatlari rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari erishgan darajani qayd etdi.
Shuningdek, do‘stona aloqalarni yana-da rivojlantirish va tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi Ozarbayjonda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan ham uchrashdi.
Konsullik xizmati vakillari O‘zbekiston fuqaroligi, migratsiya, ishga joylashish va taʼlim bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan tushuntirishlar berdi.