Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zmetkombinat” AQSH va Avstraliya kompaniyalari mutaxassislari bilan Tebinbuloq metallurgiya konini o‘zlashtirish loyihasi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda “O‘zmetkombinat” xabar berdi.
Tomonlar loyihani amalga oshirish istiqbollari, konning sanoat salohiyati hamda uning texnik-iqtisodiy jihatlarini ko‘rib chiqdi.
Konni o‘zlashtirish jarayoniga xalqaro tajribani jalb qilish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, loyihaning keyingi bosqichlari va kelgusidagi hamkorlikning ehtimoliy yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi.
“O‘zmetkombinat”da xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik Tebinbuloq konining salohiyati va uni o‘zlashtirish istiqbollarini yana-da chuqurroq o‘rganish imkonini berishini taʼkidlashdi.
Loyiha korxonaning xomashyo mustaqilligini taʼminlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida ham ko‘rib chiqilmoqda.
Kutilishicha, loyihaning amalga oshirilishi mahalliy temir rudasi bazasini shakllantirish, importga qaramlikni kamaytirish va O‘zbekiston metallurgiya sanoatining ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.