O‘zbekiston OTM bitiruvchilari ishni o‘rtacha 3 oyda topmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari o‘qishni tamomlagandan so‘ng birinchi ishini topishi uchun o‘rtacha 2 oy 27 kun talab etiladi. Bu maʼlumotlar Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan eʼlon qilingan Bitiruvchilar sifati indeksi (BSI)ning dastlabki natijalarida keltirilgan.
Tadqiqot doirasida 170 ta oliy taʼlim tashkilotini tamomlagan 249 432 nafar bitiruvchining mehnat bozoriga chiqish natijalari tahlil qilingan. Baholash mezonlaridan biri ishga joylashish tezligi bo‘lgan.
Oliy taʼlimni tamomlagandan keyin eng tez “Taʼlim” yo‘nalishi bitiruvchilari ish topmoqda — ularga o‘rtacha 2 oy 4 kun kerak bo‘ladi. Ikkinchi o‘rinda gumanitar fanlar bitiruvchilari bo‘lib, ular birinchi ishini topish uchun o‘rtacha 2 oy 9 kun sarflaydi.
Birinchi ishni izlashning eng uzoq davri yuridik yo‘nalishlar bitiruvchilari orasida qayd etilgan. Ularda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 4 oy 20 kunni tashkil etadi. Mehnatni muhofaza qilish va gigiyena sohasi bitiruvchilarida ham yaqin natija qayd etilgan — 4 oy 19 kun. Ijtimoiy taʼminot yo‘nalishini tamomlaganlarga esa o‘rtacha 4 oy 5 kun kerak bo‘ladi.
Hududlar kesimida ham sezilarli farqlar mavjud. Ishga joylashishning eng qisqa o‘rtacha muddati Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan — 2 oy 8 kun. Navoiy va Andijon viloyatlarida bu ko‘rsatkich 2 oy 9 kundan iborat.
Namangan viloyatida bitiruvchilarga o‘rtacha 2 oy 14 kun, Farg‘ona viloyatida 2 oy 16 kun, Jizzax viloyatida 2 oy 18 kun talab etiladi. Surxondaryo viloyatida ko‘rsatkich 2 oy 19 kun, Xorazm viloyatida 2 oy 20 kun, Sirdaryo viloyatida esa 2 oy 21 kunni tashkil qiladi.
Toshkent viloyatida birinchi ishni izlashning o‘rtacha muddati 2 oy 23 kun, Buxoro viloyatida 2 oy 25 kunga teng. Samarqand viloyatida bitiruvchilarga o‘rtacha 3 oy 3 kun, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 oy 7 kun, Toshkent shahrida esa 3 oy 13 kun talab etiladi.
Reytingga kiritilgan 119 ta oliy taʼlim muassasasi orasida eng tez Qarshi xalqaro universiteti bitiruvchilari ishga joylashadi. Ular birinchi ishini o‘rtacha 1 oy 4 kunda topadi.
Keyingi o‘rinlarda Toshkentdagi Vebster universiteti taʼlim dasturlarini amalga oshirish markazi — 1 oy 8 kun, Nordik xalqaro universiteti — 1 oy 14 kun, G. V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali — 1 oy 17 kun va Andijon davlat universiteti — 1 oy 18 kun bilan qayd etilgan.
Birinchi ishni izlashning eng uzoq muddati VGIKning Toshkent filiali bitiruvchilarida kuzatilgan — 8 oy 13 kun. O‘zbekiston Davlat xoreografiya akademiyasining Urganch filiali bitiruvchilarida bu ko‘rsatkich 6 oy 1 kunni tashkil etgan.
Ish topish muddati bo‘yicha keyingi o‘rinlarda I. M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent filiali — 5 oy 21 kun, ISFT instituti — 5 oy 13 kun va Toshkent farmatsevtika instituti — 5 oy 10 kun natijalar bilan qayd etilgan.
Shu bilan birga, Bitiruvchilar sifati indeksi taqdim etilgan natijalariga ko‘ra, VGIKning Toshkent filiali bitiruvchilarning o‘rtacha daromadi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan.