O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Markaziy Osiyo tog‘ ekotizimlarini himoya qilishga kelishdi

UzDaily · 13.06.2026 · 16:10 · 133 views
Markaziy Osiyo tog‘ ekotizimlarini himoya qilishga kelishdi

Markaziy Osiyo tog‘ ekotizimlarini himoya qilishga kelishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand shahrida Global ekologik jamg‘armaning (GEJ) Sakkizinchi assambleyasi doirasida «Ekologik koridorlardan hamjamiyatlargacha: Markaziy Osiyoda yovvoyi tabiat va barqaror landshaftlarni saqlash bo‘yicha mintaqaviy yondashuv» mavzusida yuqori darajadagi xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada mintaqa davlatlarining tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari, jumladan O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Aziz Abduhakimov, shuningdek BMT Bosh kotibining o‘rinbosari Markos Neto ishtirok etdi.

Uchrashuvning asosiy natijasi sifatida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston vakillari tog‘ ekotizimlarini barqaror boshqarish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlarni ilgari surishga qaratilgan Qo‘shma manfaatdorlik bayonotini imzoladi.

Yig‘ilishlar davomida Markaziy Osiyoning transchegaraviy ekotizimlari jahon ahamiyatiga ega bo‘lgan nodir hayvon turlari — qor qoploni, arxar va sayg‘oqlar uchun yashash muhiti ekani taʼkidlandi.

Mintaqaning tog‘li hududlari ekologik muvozanatni saqlash, transchegaraviy suv manbalarini muhofaza qilish va mahalliy aholi hayot faoliyatini taʼminlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi, tuproq qoplamining degradatsiyasi, hayvonot dunyosi yashash muhitining parchalanishi hamda inson va yovvoyi tabiat o‘rtasidagi ziddiyatlarning kuchayishi Markaziy Osiyodagi ekologik barqarorlikka tahdid solayotgani taʼkidlandi. Bu esa yagona davlatlararo strategiya ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Delegatlar GEJning yangi moliyalashtirish sikli (GEF-9) doirasida resurslarni jalb qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.

Istiqbolli investitsiyalarni transchegaraviy ekologik koridorlarni muhofaza qilish, tog‘ oldi hududlari aholisi uchun barqaror daromad manbalarini joriy etish va yagona monitoring tizimlarini yaratishga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

Ishtirokchilar ekologik xavfsizlik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish o‘rtasidagi muvozanat tamoyillariga sodiq ekanini tasdiqlab, global tabiatni muhofaza qilish maqsadlariga erishish uchun qo‘shma amaliy choralarni faollashtirishga kelishib oldi.

UzDaily · 👁 133 views · 13.06.2026 · 16:10