Jizzaxda inspektor 9 mln so‘m tovlamachilikda ushlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Jizzaxda shahar soliq inspeksiyasining bosh davlat inspektori tadbirkordan soliq qarzini hisobdan chiqarishga ko‘maklashish evaziga 9 million so‘m talab qilgan. U bundan avval soliq qarzi miqdorini amaldagi qarzdan qariyb 12 baravar yuqori deb aytgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Departament maʼlumotlariga ko‘ra, tadbirkorga uning 17 million so‘m miqdorida soliq qarzi borligi aytilgan. Aslida esa qarz 1,4 million so‘mni tashkil etgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, inspektor 9 million so‘m evaziga yuqori lavozimlarda ishlaydigan tanishlari orqali qarzni hisobdan chiqartirishga yordam bera olishini aytgan. Shuningdek, u tadbirkorni pul berishdan bosh tortgan taqdirda qarz haqidagi maʼlumotlar tegishli organlarga yuborilishidan ogohlantirgan.
Kelishilgan 9 million so‘mning 2 million so‘mini inspektor olishga ulgurgan. Qolgan 7 million so‘mni tadbirkor Jizzax shahar soliq inspeksiyasi binosi yonida berishi kerak bo‘lgan.
Shu yerda Departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi xodimlari inspektorni ashyoviy dalillar bilan ushlagan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining firibgarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 168-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.