Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent, 2026-yil 3-noyabr — Ipoteka bank OTP Group O‘zbekistonda Private Banking yo‘nalishini yo‘lga qo‘ydi. Belgilangan mezonlarga javob beradigan mijozlar uchun shaxsiy bank xizmati, individual moliyaviy yechimlar, shaxsiy yondashuv va bir qator qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etiladi. Yangi yo‘nalish OTP Group’ning Private Banking sohasidagi qariyb 30 yillik tajribasiga tayanadi hamda O‘zbekiston bozorining o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga oladi.
Private Banking — bu kapitalni boshqarish, uni saqlab qolish va ko‘paytirishda shaxsiy ko‘mak muhim bo‘lgan, murakkabroq moliyaviy ehtiyojlarga ega mijozlar uchun mo‘ljallangan maxsus xizmat ko‘rsatish formatidir. Odatda, bunday format mijozlarning uzoq muddatli moliyaviy maqsadlariga erishishida yordam berib, bank va investitsiya xizmatlari, maslahatlar hamda shaxsiy yondashuvni o‘zida birlashtiradi.
Private Banking yo‘nalishining yo‘lga qo‘yilishi — Ipoteka bank rivojidagi muhim bosqichdir. U imtiyozli shartlar, shaxsiy yondashuv, ixtisoslashtirilgan Private Banking ofisida xizmatlardan foydalanish imkoniyati va qo‘shimcha imtiyozlar tufayli belgilangan mezonlarga javob beradigan mijozlarga shaxsiy bank xizmatini ko‘rsatishni yangi darajaga olib chiqadi.
“Private Banking’ning ishga tushirilishi Ipoteka bank OTP Group va O‘zbekistondagi eksklyuziv bank xizmatlarini rivojlantirishda muhim bosqich hisoblanadi. Biz uchun bu shunchaki yangi biznes yo‘nalishini ochish emas, balki Guruhning xalqaro standartlariga muvofiq mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini doimiy ravishda oshirishdir. Ishonchimiz komilki, OTP Group tajribasini mahalliy bozor haqidagi bilimlar va Ipoteka bank imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirish bizga uzoq muddatli istiqbolda mijozlarimizga foyda keltirish hamda O‘zbekistonda premium bank segmentini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shish imkonini beradi”, — dedi Ipoteka bank OTP Group Boshqaruvi raisi Adam Sentpeteri.
Shaxsiy hamrohlik va imtiyozli bank xizmatlarini ko‘rsatish shartlari
Shaxsiy maslahatchi mijozning bankdagi asosiy aloqa vakili sifatida ish yuritadi, uning so‘rovlari bo‘yicha jarayonlarni muvofiqlashtiradi hamda Ipoteka bank’ning Private Banking yo‘nalishi doirasida taqdim etiladigan mahsulot va xizmatlardan foydalanishda ko‘maklashadi.
Mijozlarga omonatlar bo‘yicha individual moliyaviy yechimlar va shartlar, bank operatsiyalari uchun imtiyozli tariflar, valyutalarni konvertatsiya qilishning maxsus shartlari hamda moliyaviy vositalar bo‘yicha maslahatlar taqdim etiladi.
Shuningdek, taklif premium Visa Infinite va Uzcard Sherdor to‘lov kartalarini ham o‘z ichiga oladi.
Mijozlarga Toshkentdagi OTP Group xalqaro standartlariga muvofiq tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan Private Banking ofisida xizmat ko‘rsatiladi. Ofisda individual xizmat ko‘rsatish va maxfiy maslahatlar berish uchun alohida muzokara xonalari ko‘zda tutilgan.
Kartalar bo‘yicha eksklyuziv imtiyozlar va qo‘shimcha afzalliklar
Belgilangan mezonlarga javob beradigan mijozlar uchun eksklyuziv to‘lov kartalari bo‘yicha ko‘zda tutilgan kundalik hayot va sayohatlarga oid bir qator imtiyozlar mavjud. Ushbu imtiyozlar tegishli to‘lov tizimlari va xizmat ko‘rsatuvchi hamkorlar bilan birgalikda taqdim etiladi. Tanlangan karta va amaldagi shartlarga qarab, ular konsyerj xizmati, sayohat sug‘urtasi, aeroportlarda Fast Track xizmatlari, biznes-klass transferlari, DragonPass dasturi bo‘yicha aeroportlarning biznes-zallariga kirish imkoniyati, shuningdek, xalqaro va mahalliy hamkorlarning maxsus takliflarini o‘z ichiga olishi mumkin.
“OTP Group uchun O‘zbekistonda Private Banking xizmatini yo‘lga qo‘yish, avvalo, mahalliy mijozlarimiz uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda mamlakatda kapitalni boshqarish xizmatlarini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shish demakdir. O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan birgalikda mahalliy bozor haqidagi bilimlarni OTP Group’ning Yevropa bozorlarida to‘plagan boy tajribasi va malakasi bilan birlashtirib, O‘zbekistondagi mijozlarning ehtiyojlarini inobatga olgan holda Private Banking taklifini ishlab chiqdik. Bu boradagi ilk muhim natijaga birgalikda erishganimizdan mamnunmiz. Bunday yaqin hamkorlik mijozlarimiz bilan ishlash uchun mustahkam poydevor yaratib, ularga yanada kengroq turdagi individual investitsion yechimlarni hamda mutaxassislarning shaxsiy ko‘magini taklif etish imkonini beradi”, — dedi OTP Group’ning global bozorlar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Attila Banfi.
Ofis manzili va xizmat ko‘rsatish shartlari
Private Banking ofisi quyidagi manzilda joylashgan: Toshkent shahri, Mirobod ko‘chasi, 35-uy.
Umumiy qiymati kamida 750 million so‘m (50 000 yevro ekvivalentida) bo‘lgan aktivlarga yoki kamida 75 million so‘m (5 000 yevro ekvivalentida) miqdoridagi muntazam oylik daromadga ega mijozlar Private Banking xizmatlaridan foydalanishlari mumkin..
Xizmat ko‘rsatish shartlari va mijozlarga qo‘yiladigan talablar haqida batafsil ma’lumotni Ipoteka bank rasmiy veb-saytidan yoki bankning aloqa markazidan +998 (78) 150-18-88 telefon raqami orqali olish mumkin.
Havola: Ipoteka bank OTP Group O‘zbekistonda Private Banking xizmatini yo‘lga qo‘ymoqda
BANK HAQIDA
Ipoteka bank OTP Group haqida
Ipoteka bank OTP Group — xalqaro OTP Group banklar guruhiga kiruvchi O‘zbekistondagi yetakchi banklardan biridir. Bugungi kunda bank mamlakat bo‘ylab 3,87 milliondan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. 2026-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, bank aktivlar hajmi bo‘yicha O‘zbekiston bank sektorida 7-o‘rinni egallaydi. Ipoteka bank chakana kredit portfeli hajmi bo‘yicha yetakchi o‘rinda bo‘lib, ipoteka kreditlash bozorida ham mustahkam mavqega ega. Mijozlar sadoqati indeksi (NPS) bo‘yicha ham Ipoteka bank OTP Group O‘zbekiston bank sektorida yetakchi o‘rinni egallaydi. Ipoteka bank tarmog‘i mamlakat bo‘ylab 90 dan ortiq filial va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini qamrab olgan. Bank jismoniy va korporativ mijozlarga ipoteka, iste’mol va avtokreditlar, omonatlar, mikroqarzlar, korporativ hamda raqamli bank xizmatlarini o‘z ichiga olgan keng turdagi moliyaviy xizmatlarni taqdim etadi. 2023-yildan buyon Ipoteka bank xalqaro OTP Group banklar guruhining tarkibiga kiradi.
OTP Group haqida
OTP Group — Markaziy va Sharqiy Yevropadagi eng tez rivojlanayotgan hamda yetakchi mustaqil bank guruhlaridan biri bo‘lib, yuqori darajadagi daromadlilik, kapital va likvidlik bo‘yicha barqaror mavqei bilan ajralib turadi. Guruh qariyb 17,5 million mijozga universal moliyaviy xizmatlarni taqdim etadi hamda Markaziy va Sharqiy Yevropa, shuningdek, Markaziy Osiyoning 11 ta mamlakatida faoliyat yuritib, qariyb 41 000 nafar xodimni birlashtiradi. OTP Group bosh qarorgohi Vengriyada joylashgan. OTP Bank aksiyalari 1995-yildan buyon Budapesht fond birjasida muomalada bo‘lib, guruhning mulkchilik tuzilmasi diversifikatsiyalangan va shaffof hisoblanadi.
RASMIY KANALLAR
Сайт: ipotekabank.uz
Telegram: @ipotekabankofficial
Instagram: @ipotekabank.uz
Facebook: @ipotekabankofficial
YouTube: @ipotekabankofficial
LinkedIn: ipotekabankofficial
OAV UCHUN ALOQA
Ipoteka bank OTP Group matbuot xizmati
pressoffice@Ipotekabank.uz • +998 78 150 55 25