Buxoro viloyatida mast holda avtobus boshqargan haydovchi ushlandi
Buxoro viloyatida mast holda avtobus boshqargan haydovchi ushlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Buxoro viloyatining Romitan tumanida YHXB xodimlari tomonidan 40 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisini olib ketayotgan avtobus to‘xtatildi. Tekshiruv davomida haydovchi mast holatda ekani aniqlandi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar maʼlumotiga ko‘ra, avtobus harakati zudlik bilan to‘xtatilgan va yo‘l xizmati xodimlarining tezkor harakatlari tufayli bolalar xavfsizligi taʼminlangan.
Haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasi 1-qismi, 194-moddasi 1-qismi va 128 prim 8-moddasi 1-qismi bo‘yicha maʼmuriy materiallar rasmiylashtirildi.
Shuningdek, haydovchi uch yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.
Mutasaddi idorada mast holda avtomobil boshqarish insonlar hayoti va sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirishi, ayniqsa bolalarni tashish vaqtida bu xavf yana-da yuqori bo‘lishi taʼkidlandi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar haydovchilarni spirtli ichimlik isteʼmol qilgandan so‘ng rul ortiga o‘tirmaslikka va yo‘l harakati qoidalariga qatʼiy rioya qilishga chaqirdi.