Sindorov 2026 yil Nomzodlar turnirida muddatidan oldin g‘olib bo‘ldi
Sindorov 2026 yil Nomzodlar turnirida muddatidan oldin g‘olib bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov 2026 yil Nomzodlar turnirida muddatidan oldin g‘olib bo‘ldi. Musobaqa 29 martdan 15 aprelgacha Kiprda o‘tkazilmoqda va unda dunyoning eng kuchli sakkiz nafar shaxmatchisi ishtirok etmoqda.
Musobaqaning 13-turida Sindorov niderlandiyalik grossmeyster Anish Giri bilan durang o‘ynadi. Ushbu natija o‘zbekistonlik shaxmatchiga 13 imkoniyatdan 9,5 ochko jamg‘arish va turnir yakunlanishiga bir tur qolgandayoq yakuniy g‘alabani taʼminlash imkonini berdi.
Anish Giri partiya yakuniga ko‘ra 7,5 ochko to‘plab, musobaqa jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Shu tur doirasida amerikalik grossmeyster Xikaru Nakamura Mattias Blyubaum bilan ochkolarni bo‘lishdi.
Nomzodlar turniri ikki doirali aylanma tizimda o‘tkazilib, jami 14 turdan iborat. G‘olib jahon shaxmat toji uchun amaldagi jahon chempioni Dommaraju Gukeshga qarshi match o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritadi. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 700 ming yevroni tashkil etadi.