O‘zbekiston

Senator Aripovga bolalarni zo'ravonlikdan himoya qilish bo'yicha so'rov yubordi

Senator Aripovga bolalarni zo'ravonlikdan himoya qilish bo'yicha so'rov yubordi
Senator Aripovga bolalarni zo'ravonlikdan himoya qilish bo'yicha so'rov yubordi / Foto: O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish, bolalarni har qanday tazyiq va zo‘ravonlikdan asrash hamda voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan sohalarga zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan shaxslarning kirib kelishining oldini olish borasida qonunchilikda qator mexanizmlar belgilangan.

Jumladan, 2023 yil 11 aprelda qabul qilingan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan alohida toifadagi shaxslarning ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlangan hamda bunday shaxslarning reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi belgilab berilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 3 martdagi PF-33-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da sog‘liqqa, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarga oid maxsus reyestr yuritish tizimini takomillashtirish, ularni monitoring qilish hamda voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan tashkilotlarga reyestrdagi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini yaratish vazifalari belgilangan.

Ammo amaliyotda ushbu talablarning ijrosi, jumladan, reyestrdagi ma’lumotlardan foydalanish va voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan tashkilotlarda tegishli nazorat mexanizmlarining qo‘llanilishi yuzasidan qator masalalar mavjud.

Shu munosabat bilan senator M. Qodirxonova O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. N. Aripovga senator so‘rovi yubordi.

So‘rovda sog‘liqqa, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarga oid maxsus reyestrning holati va undan amaliyotda foydalanish darajasi, voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan davlat organlari va tashkilotlar tomonidan reyestrga oid ma’lumotlarni olish uchun yuborilgan so‘rovlar soni va natijalari, shuningdek, reyestrga kiritilgan shaxslarning mehnat faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ma’lumot berish so‘ralgan.

Shuningdek, aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etish va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish mexanizmlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida asoslantirilgan tushuntirishlar ham olish nazarda tutilgan.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.