Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda oktyabr oyi oxiri va noyabr boshida sodir bo‘lgan uchta hodisa oqibatida 18 kishi is gazidan zaharlanib halok bo‘ldi. Bu haqda Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maʼlum qildi.
25 oktyabr kuni Farg‘ona tumanida bir oilaning yetti nafar aʼzosi vafot etdi. Shu kuni Toshkent shahrida ham olti kishi halok bo‘ldi. 1 noyabr kuni esa Qo‘qonda besh kishi is gazidan zaharlanish qurboni bo‘ldi.
Idora maʼlumotlariga ko‘ra, fojiali hodisalarga xavfsizlik talablariga zid ravishda o‘rnatilgan isitish qozonlari sabab bo‘lgan.
Boshqarma xabar berishicha, Germaniyada avval foydalanishdan chiqarilib, utilizatsiyaga topshirilgan Vaillant rusumli ikki konturli qozonlar O‘zbekistonga noqonuniy ravishda olib kirilgan. Keyinchalik ushbu uskunalar hunarmandchilik usulida qayta jihozlanib, fuqarolarga yangi qurilmalar sifatida sotilgan.
Bunday qozonlarda asl tutun chiqarish quvurlari o‘rniga yuqori harorat taʼsiriga mo‘ljallanmagan polietilen quvurlar o‘rnatilgan. Bundan tashqari, havo kanallarini mato va boshqa buyumlar bilan to‘sib qo‘yish gazning to‘liq yonmasligiga va is gazi ajralib chiqishiga olib kelishi mumkin.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi fuqarolarni eski, hunarmandchilik usulida qayta jihozlangan qozonlarni sotib olmaslik va o‘rnatmaslikka chaqirdi.
Shuningdek, idora isitish uskunalarini o‘rnatish ishlarini mutaxassislarga topshirish, qurilmalarning sifat sertifikatlari mavjudligini va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirishni tavsiya qildi.